English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm va ma’rifatga xizmat qiluvchi asarlar
18:28 / 2025-12-28

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti poyoniga yetib borayotgan yil davomida ona tilimizning ravnaqi yo‘lidagi qator ilmiy izlanishlar olib borish, ma’rifiy-ilmiy asarlar nashr etish, milliy adabiyotimiz va o‘zbek tili targ‘iboti yo‘lida g‘oyat samarali faoliyat olib bordi.

Bu jihatlar O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida professor-olimlar hamda taniqli ijodkorlarning yil davomida chop etilgan yangi ilmiy va badiiy kitoblari taqdimotiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirda yana bir bor namoyon bo‘ldi. 

Tadbir davomida institut olimlari va ijodkorlari tomonidan yaratilgan eng so‘nggi ilmiy tadqiqotlar, monografiyalar, badiiy asarlar hamda turli nashrlar mazkur anjumanga tashrif buyurganlar e’tiboriga havola etildi. Kitoblar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ilm-fan va adabiyot sohasidagi dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan atroflicha tasavvur yuzaga kelishida alohida ahamiyat kasb etdi. 

Masalan, eng muhtasham nashr – “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etildi. 

Ensiklopediyada navoiyshunoslikka oid masalalar, buyuk shoir asarlarining turli yillardagi nashrlari, xorijiy tillarga tarjimalari, yurtimiz va jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma kitoblari, shuningdek, rassomlik, haykaltaroshlik, teatr, kino singari san’at turlarida Navoiy siymosining aks ettirilishiga oid maqolalar o‘rin olgan. 

“Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ga O‘zbekistonning 78 nafar taniqli navoiyshunos olimi, yosh tadqiqotchilar, shu bilan birga turkiyalik va ozarbayjonlik olimlarning mavzu bo‘yicha maqolalari kiritilgan. Ushbu ensiklopediya O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti xodimlari tomonidan nashrga tayyorlangan. 

Ushbu jamoa olimlari tomonidan nashr etilgan “Lutfiy va Bobur” kitobida ikki buyuk shoir va davlat arboblarining hayoti, ijodi hamda inson sifatidagi falsafiy qarashlari tahlil etiladi. Lutfiy va Boburning buyuk merosi orqali o‘zbek adabiyotining noyob go‘zalligini yanada chuqur his etishingiz mumkin. “Fan” nashriyotida chop etilgan ushbu kitob endigi tarix va adabiyot ixlosmandlari uchun buyuk shaxslarning hayot va ijodiy yo‘li haqidagi betakror manba bo‘lib hisoblandi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga ko‘ra Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 120 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti va Oybek uy-muzeyi ilmiy xodimlari hamkorligida “Yosh ko‘ngil. Oybek – kecha va bugun” nomli salmoqli to‘plam nashr etildi.

Kitob ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismiga Oybekning asrlar chegarasidan oshib, bugun ham sevib o‘qilayotgan she’rlari kiritilgan bo‘lsa, ikkinchi qismidan ulug‘ adib va shoir asarlari tadqiqiga bag‘ishlangan monografiya va maqolalar o‘rin olgan. Monografiya va maqolalar muallifi – filologiya fanlari doktori, professor Ulug‘bek Hamdamov. Kitobxon Oybek kechagi kun ijodkorigina emas, balki bugun va ertangi kunimiz uchun ham ulug‘ xizmatlar qila oladigan ulkan adib va hassos shoir ekanligiga guvoh bo‘lishi tayin. Adabiyotshunos olimlarning fikricha, “Navoiy”, “Qutlug‘ qon”, “Na’matak” kabi asarlari Oybek nomini mudom sharaflab turadi.

Filologiya fanlari doktori, professor Sanobar To‘laganovaning “Erkin A’zam adabiy qo‘rg‘oni” kitobida ijodkor asarlarining ilmiy-badiiy qiymati, uning salohiyati xususida batafsil so‘z yuritiladi. Mazkur kitobda olimaning adib ijodi bo‘yicha uzoq yillik kuzatishlari va xulosalari aks etgan.

Institut axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muallif Erkin A’zam asarlarini bir sathga terib, undagi obrazlar, timsollar, ishora va kinoyalarda yashiringan “badiiy kod”larni bir-bir ochib boradi. Olima Erkin A’zam shaxsiyatining asarlarga sochilgan parchalari qayta tiklaydi, ularning adib tarjimai holidagi asl ko‘rinishlari ko‘rsatib beradi. 

Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining joriy yildagi shu va boshqa amalga oshirilgan ilmiy-ma’rifiy ishlari, nashr ettirgan kitoblari, risolalar, ilmiy-badiiy asarlar haqida batafsil ma’lumot berildi. 

N.Usmonova,
O‘zA