Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm va ma’rifat yo‘lidagi izlanishlar samarasi
13:03 / 2026-03-06

FOTOREPORTAJ

Mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yangi avlod olimlari yetishib chiqmoqda. Ana shunday izlanuvchan, tashabbuskor va sermahsul tadqiqotchilardan biri – Mahbuba Muhammadova. U 2009-yilda adabiyot yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Bolaligidan she’riyatga qiziqqan Mahbuba Buxoro tumanidagi 42-umumta’lim maktabida tahsil olgan paytlaridanoq e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Mahbuba Muhammadova 2022-yildan buyon Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti, O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida faoliyat yuritmoqda. 2023-yilda u “Hasanxoja Nisoriy tazkirasida ikki sulolaga mansub ijodkorlar talqini” mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Hozirda BuxDUda dotsent va doktorant sifatida ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.

Olimaning ilmiy faoliyati o‘zbek adabiyotshunosligi, xususan, tazkirachilik an’analari hamda Temuriylar va Shayboniylar davri adabiy muhitini o‘rganishga qaratilgan. U 50 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Jumladan, uning “Muzakkiri ahbob – nodir adabiy manba” (2019) nomli risolasi hamda “Boburiy va Shayboniy ijodkorlar talqini” (2026) nomli monografyasi ilmiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan. Mazkur tadqiqotlarda muallif Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” asari asosida ikki sulolaga mansub ijodkorlar merosini qiyosiy-ilmiy tahlil qilgan.

[gallery-28011]

Qahramonimiz nafaqat olima, balki faol kitobxon va intellektual o‘yinlar ishtirokchisi sifatida ham tanilgan. U 2023–2024-yillarda o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” tanlovi g‘olibi bo‘lgan va 2024-yildagi “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan. Shuningdek, “Zakovat” intellektual o‘yinlarining “Buxoro davlat universiteti” hamda “Irfon” jamoalari a’zosi sifatida faol qatnashmoqda.

2025-yilda Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Hasanxoja Nisoriyning ‘Muzakkiri ahbob’ asari” medialoyihasi nomli ilmiy-innovatsion loyiha muallifi sifatida ham ilmiy jamoatchilik e’tiborini qozondi. Ushbu loyiha milliy adabiy merosni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali keng targ‘ib qilish va yoshlar ongida tarixiy-adabiy manbalarga qiziqish uyg‘otishga xizmat qiladi.

Tohir ISTATOV (surat), O‘zA