Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm va jaholat kurashi: Navoiy merosining zamonaviy rezonansi
15:25 / 2025-02-05

Alisher Navoiyning badiiy-ilmiy merosi har bir davr vakillari uchun ulkan ma’naviy xazina, odob-axloq va tarbiya yo‘lidagi mezonlarni ko‘rsatuvchi mayoqdir. Umuman, adabiyot sohasining o‘zi inson qalbini boyituvchi, tarbiyalovchi yo‘nalish. O‘zbek adabiyoti sahnasida esa Alisher Navoiyning o‘rni, asarlarining ahamiyati beqiyos.

Parlament quyi palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva O‘zA muxbiriga bergan intervyusida adabiyotning inson kamolotidagi o‘rni, hazrat Navoiy asarlarida aks ettirilgan ilm va jaholat o‘rtasidagi kurash, ilm-fanning insoniyat hayotidagi ahamiyatiga to‘xtaldi:  

— Jamiyatda ma’naviy sog‘lom, mustaqil fikrlaydigan avlodni shakllantirishda badiiy adabiyotning roli muhim. Badiiy adabiyot ma’naviy hayotimizning ajralmas qismi bo‘lish bilan birga, har bir shaxsning ma’naviy kamolotga yetishishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. 

 

Ko‘p asrlik tarixga ega madaniy va adabiy merosimizga munosabat istiqlol tufayli tubdan o‘zgardi. Xalqimiz tarixi, dini va adabiyoti, milliy-ma’naviy qadriyatlariga e’tibor kuchayib, ularning mavqeini tiklash, xalqqa asl holida yetkazish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu esa boshqa sohalar qatori adabiyotda ham teran ilmiy izlanishlar olib borish, adabiy merosga yangicha nuqtai nazardan yondashish zaruratini ko‘rsatdi. O‘tmishda yashab ijod etgan shoir va adiblar merosini xolisona o‘rganish va munosib baholash har qachongidan dolzarb vazifaga aylandi. Zero, ulug‘ adib Cho‘lpon aytganidek, adabiyot yashasa – millat yashaydi.  

Bevosita Alisher Navoiy haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, uning buyuk merosi nafaqat adabiyot tarixida, balki butun insoniyat tafakkuri rivojida beqiyos o‘rin egallaydi. Navoiy asarlarida aks etgan fikrlar, g‘oyalar va muammolar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, aksincha, yangi kontekstda qayta talqin etish va chuqurroq tushunilishi zarurligini taqozo etadi. Navoiy davrida ham, hozirgi zamonda ham ilm va jaholat o‘rtasidagi kurash insoniyatning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.  

Navoiy asarlarida ilm-fanning ahamiyati, uning inson hayotini yaxshilashdagi roli, jaholatning esa halokatli oqibatlari haqida ko‘plab fikrlar bayon etilgan. Uning «Xamsa», «Majolis un-nafois» va boshqa asarlarida bilimli odamlarning fazilati, donolik va adolatli hukmdorning ahamiyati, shuningdek, jaholatning ijtimoiy yomon ta’sirlari ta’kidlanadi.  

Navoiyning jaholatga qarshi kurash tamoyillari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolgan. Jaholat nafaqat bilimsizlik, balki tor fikrlash, dogmatik qarashlar, yangiliklarga qarshilik, inson huquqlarini e’tiborsiz qoldirish kabi illatlarni ham o‘z ichiga oladi.  

Bugungi globallashuv davrida ilm-fanning rivojlanishi misli ko‘rilmagan sur’atlarda kechayotgan bir paytda, jaholatning turli ko‘rinishlari ham keng tarqalmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlarning keng tarqalishi bilan birga, dezinformatsiya, yolg‘on axborot va manipulyatsiya ommaviy hodisaga aylanmoqda. Bu esa jamiyatni qutblashtirish, ijtimoiy notinchliklarning kuchayishi va insonlarning noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishlariga olib kelishi mumkin.  

Navoiyning ta’kidlashicha, ilm-fan insonni kamolga yetkazishning asosiy yo‘llaridan biridir. Bilimli kishi nafaqat o‘z hayotini yaxshilaydi, balki jamiyat rivojiga ham hissa qo‘shadi. Bugungi kunda ilm-fan taraqqiyoti tufayli insoniyat ko‘plab muammolarni yechishga muvaffaq bo‘ldi. Tibbiyot, texnologiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlar inson hayotiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Biroq, ilm-fanning taraqqiyoti jaholatning yo‘qolishiga kafolat bo‘la olmaydi. Aksariyat odamlar ilg‘or texnologiyalarni noto‘g‘ri yo‘lda qo‘llashadi. Shu sababli ilm va jaholat o‘rtasidagi kurash nafaqat bilim darajasi bilan, balki odamlarning dunyoqarashi, axloqiy qadriyatlari va ijtimoiy mas’uliyati bilan bog‘liq.  

Zamonaviy dunyoda ilm-fanni rivojlantirish bilan birga, axloqiy tarbiya va inson huquqlarini hurmat qilishni targ‘ib etish juda muhimdir. Bu borada Navoiyning g‘oyalari, ilmiy-badiiy merosi alohida ahamiyat kasb etadi.  

Bugun ilm va jaholat o‘rtasidagi kurash yanada keskinlashayotgan bir paytda jaholatning yangi shakllari va xavflari bilan kurashish uchun bilimni ommalashtirish, axloqiy tarbiyani mustahkamlash va insoniyatning kelajagi uchun mas’uliyatni his qilish zarur. 

Faqatgina shu yo‘l bilan biz Navoiyning orzularini amalga oshirib, yorug‘ va adolatli jamiyat qurishga erishamiz. Bu kurashda faol ishtirok etish, bilimni, adabiyotni qadrlash va uni keyingi avlodlarga yetkazish har birimizning burchimiz.  

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA