Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm va dinning millati bo‘lmaydi
12:39 / 2023-10-12

Oxirgi paytlarda ayrim dinsiz kimsalarning “Islom – arablarning dini” degan fikrni singdirishga urinayotgani yoki Islom ahkomlariga amal qilishga harakat qilayotganlarni “arabparast” deyishi tez-tez quloqqa chalinmoqda. Ko‘pchilik bu yondashuv noto‘g‘ri ekanini bilsa ham, chuqur fikrlay olmaydigan, bilimsiz odamlar bu kabi tumtaraqay gaplarga aldanib qolishi yoki javob topa olmay, ikkilanib qolishi mumkin. Ayniqsa, yoshlar bunday buzg‘unchi fikrlardan tez ta’sirlanishi bor gap. Vaqti-soati kelib, odamlar haqiqatni anglab yetar, lekin ungacha juda ko‘p narsa qo‘ldan boy berib qo‘yiladi. Shuning uchun xalqni yot g‘oyalardan asrash – davr talabi, desak xato bo‘lmaydi.

Allohga shukrki, xalqimiz ming to‘rt yuz yildan beri musulmonchilikni mahkam tutib, shu bilan izzat topib keladi. Eng og‘ir damlarda ham ajdodlarimiz iymoniga sodiq bo‘ldi. Hozirgi globallashgan dunyoda kelajak avlodni turli tahdidlardan asrash uchun ularda o‘zlikka zarba beradigan har qanday buzg‘unchi fikrga qarshi immunitet shakllantirib borish darkor. Quyidagi satrlar ana shu maqsadga qaratilgandir.

Alloh taoloning hikmati shuki, bandalar bir biriga muhtoj bo‘lib, o‘zaro muloqot qilishlari uchun ularga ato etilgan ilm va iqtidorni ularning o‘rtalariga sochib qo‘ygan: kimdadir ilm-texnologiya bor, kimdadir tabiiy boylik bor, kimdadir moddiy, kimdadir ma’naviy yutuqlar bor... Ular bir biriga muhtoj, bir-biridan foyda oladi. 

Fan texnika, ilmiy ixtirolar davrlar osha turli xalqlar tomonidan rivojlantirilgan. Birida bori boshqasida bo‘lmagan, lekin shu tariqa ilm fan umuminsoniy boylikka aylangan. Aqli bor odam bu borada millatchilik qilib o‘tirmaydi, balki bor imkoniyatdan foydalanib qolishga urinadi.

Masalan, lampochka va boshqa ko‘plab ixtirolar muallifi Tomas Edisonni amerikalik ekan deb, noz qilib shamda o‘tirish aqlga sig‘adimi? Yo‘q, albatta. Bu borada, ya’ni ilm va uning mahsulidan foyda olishda millatchilik qilgan kishini hamma bir ovozdan ahmoqlikda ayblashi tayin.

Vahiy bilan ingan ilm, ya’ni din ham aslida xuddi shunday – millat bilmaydi. Tajribiy ilmlarni Alloh O‘zi istagan odamga bildirganidek, vahiyni ham O‘zi istagan bandasiga nozil qiladi. Zotan, “Alloh O‘z risolatini qayerga yuborishni yaxshi biladi” (An’om surasi, 124-oyat). Buni muhokama qilishga bandaning haqqi yo‘q. Bandaning ishi – oy-quyoshning harakati to‘g‘ri-noto‘g‘riligini muhokama qilish emas, balki undan unumli foydalanishdir.

Islom – ilohiy din, unga o‘xshash boshqa mukammal din yo‘q. Arablarga nozil bo‘lgan deb, dindan yuz o‘girish – biror kashfiyot va ixtiro Amerika yoki G‘arbda bo‘lgani uchun uni tan olmaslik kabi tentaklikdan boshqa narsa emas.

“Islom – arablar dini” deb og‘iz yirtayotgan soxtakorlarga shunday savollar berging keladi: Sizningcha, Alloh har bir xalqqa, har bir elatga alohida-alohida din yuborishi kerakmidi? Xalq, elat o‘zi nimasi bilan ajraladi? Tili bilanmi, yoki qondoshlik bilanmi? Yoki bir mamlakatning ahli bir millat bo‘ladimi? Aytingchi, bashariyatni bu me’yorlardan qay biriga ko‘ra din uchun taqsimlash kerak? Har yili bir nechta til yo‘q bo‘lib, bir qancha yangi tillar vujudga kelishini bilasizlarmi? Mamlakatlarning chegarasi asrlar osha hamisha o‘zgarib kelganini eshitganmisizlar?

Endi sizlarga ko‘ra, har bir millatga, har bir mintaqaga har asrda yangi din yuborib turilishi kerak bo‘ladimi? Yoki bitta narsaning tarjimasini har bir xalqqa alohida nozil qilish kerakmi?

Ha, Alloh taolo O‘z dinini qanday yuboradi, kimga yuboradi, qachon yuboradi – O‘zi yaxshi biladi. Bunga bandaning aqli ham yetmaydi, haddi ham yo‘q. Banda aqlini yig‘ib, o‘zining chegarasini bilishi kerak, xolos.

Dunyoni bitta quyosh bilan yoritib qo‘ygan Zot uni ma’nan ham bitta din bilan munavvar etishni iroda qilgan. Bundan boshqa to‘g‘ri yo‘l ham yo‘q. 

Islom – olamiy din, arablarniki emas. Buni tasdiqlovchi dalillar juda ham ko‘p. Islom ilk kunlaridanoq butun bashariyat uchun yuborilgan din ekanini, barcha qadimgi samoviy dinlarning merosxo‘ri, tugallovchisi ekanini e’lon qildi. 

Islom aynan millatchilikka, qabilachilikka qarshi kurashdi, bashariyat bir ota-onadan tarqagan aka-ukalar ekanini, arabning ajamdan, oqning qoradan ustunligi yo‘qligini e’lon qilishdan charchamadi. Yahudo dinida bo‘lganidek, arablarni alohida oliy irq degani yo‘q. Aksincha, insonning ustunligi faqatgina ilm va taqvoda ekanini bot-bot ta’kidlayverdi. Buni shunchaki xo‘jako‘rsinga qilgani yo‘q, balki amalda ham isbotlab qo‘ydi.

Bir qancha ajam sahobalar bor edi, ammo ularning birortasi biror marta kamsitilmadi. Aksincha, arab sahobalar qolib, Salmon Forsiy ahli baytdan deb e’lon qilindi.

Qiroat imomlarining ham aksari arab emas, ajamlardan bo‘lishgan, yana qullardan bo‘lishgan. Tovus, Ikrima, Nofe’ va boshqa minglab tobe’in ulamolar ham arab irqidan emas edi. Islom olamining birinchi raqamli faqihi Imom A’zam ham ajamlardan edilar. Butun Islom olami bu ulamolarni bugungacha ardoqlab keladi, ularning arablardan chandon ustun martabaga ega bo‘lganiga hech kim e’tiroz bildirmaydi, aksincha, arabu ajam ularni o‘zalariga ustoz biladi va ajamlardan ko‘ra arablar ularni ko‘proq e’zozlaydi. Imom Buxoriy ajam bo‘lishiga qaramay, musulmon ummati u kishini “Hadisda mo‘minlar amiri” deb ehtirom qildi. Ibn Sino, Beruniy, Forobiy va boshqa minglab ulamolar ilm tufayli arabu ajamga ustoz bo‘lishdi, biroq biror joyda ularning ajamligi ta’na qilinmadi. Muhammad Xorazmiylarning, Ahmad Farg‘oniylarning ajamligi musulmon xalifalar huzurida xos maqomga erishishga to‘sqinlik qilmadi. Bu borada istagancha gapirish mumkin. Xulosa shuki, Islom barcha millatlarni bag‘riga ola bildi va bir xilda rivojlantirdi. Xo‘sh, nega endi biz uni birinchi bo‘lib, bizning millatga tushmagani uchun ayblashimiz kerak? (Islom nega aynan dastlab arablarga tushgani haqida alohida ilmiy xulosalar bor, bu alohida mavzu.)

Aslida qoida o‘zi shunday – dinning millati bo‘lmaydi. Faqat Islomga kelgandagina millatni eslab qolish – noxolislikdan, aldovdan boshqa narsa emas. Falon din falon millatga tushgan deb, shuning uchun uni inkor qilishga uringandan ko‘ra, rostini so‘zlab, dinni qabul qilgilari kelmayotganini ochiq aytishsa, shunisi to‘g‘riroq bo‘lar edi.

Islomning olamshumulligini ko‘rsatuvchi dalillardan yana biri shuki, u arablarning birorta milliy narsasini targ‘ib qilmagan.

Islom qaysi yurtga kirib borgan bo‘lsa, o‘sha yerdagi urf-odat va madaniyatni ma’lum mezon asosida qabul qilgan, tartibga solgan, so‘ng rivojlantirib, kerak bo‘lsa, ommalashishiga ham xizmat qilgan. Buning natijasida umummusulmon madaniyati yuzaga kelgan. Shu bilan birga, musulmon xalqlarning kiyinish, yashash tarzidagi o‘ziga xos milliylik ham saqlangan. Zero, Islom ma’lum bir xalqning madaniyatini, ust-boshini targ‘ib qilish uchun kelmagan, balki umuminsoniy g‘oyalarni tarannum etib, yashash tarzini ilohiy ta’limot asosida tartibga solish uchun yuborilgan. Shuning uchun Islomga kirgan har bir millat o‘z milliy xususiyatlarini shariat qoidalari asosida tuzatib olavergan va saqlay bilgan. Bu bilan musulmon olamining rang-barangligi ta’minlangan. Hozirdagi musulmon xalqlarning har birida o‘ziga xos milliylik mavjudligi so‘zimizga yorqin dalildir. Islom ulamolari jamlangan anjumanni ko‘ring, hamma har tur kiyimda. Bu bag‘rikenglikni boshqa birorta tuzumda yoki dinda topmaysiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z davrlaridagi mavjud kiyimlarni kiyaverganlar. Muhimi – shariatga muvofiq bo‘lsa bas. U zotning shomiy jubba, yamaniy burda, misriy ko‘ylak, habashiy maxsi kiyganlari rivoyatlarda keladi. Vaholanki, u paytlarda bu yurtlar hali musulmon bo‘lmagan edi. U zot o‘zlari uchun qulay liboslarni kiyaverganlar. Islom ma’lum bir kiyimni targ‘ib qilmaganini shundan ham bilsangiz bo‘laveradi.

Islom barcha xalqlarni bag‘riga olgani uchun ham arabu ajam millatlar bir tanu bir jon bo‘lib, bu dinning rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar, Islom tamaddunini butun olamga yoydilar. Shuning uchun Islom juda tez fursatda olamiylashib, dunyoning uchdan ikki qismini egalladi. Bu muvaffaqiyat musulmon xalqlarda takrorlanmasligini istaganlar esa musulmonlar o‘rtasida millatchilik illatini yoyib, ularni parchalashga urinmoqda, ayni vaqtda o‘zlari birlashmoqda. Biroq sodda odamlar bu kabi hiylalarni payqamay, oldi-qochdi gaplarga aldanib yurgani achinarlidir.

Xulosa qilib aytganda, ilmning, jumladan, dinning millati bo‘lmaydi. Alloh dinni xohlagan bandasiga nozil qiladi. Kim undan bahra olib, unga xizmat qilsa, o‘ziga foyda. Bo‘lmasa, bu din bilan boshqalar izzat topib, saodat quchib boraveradi. Eng asosiysi, mana shu haqiqatni anglagan ulug‘ ajdodlarimiz manbasi noaniq bo‘lgan aqidalar, xurofot tushunchalar, Forsu Hinddan o‘tgan soxta dinlarni tark etib, ongli ravishda Islomni tanlashgan va juda to‘g‘ri ish qilishgan. Bo‘lmasa, kim biladi, hali ham o‘tga topinib, toshu tutga sig‘inib, jaholat botqog‘ida yurgan bo‘larmidik...

Allohga shukrki, xalqimizni O‘zining so‘ngi va mukammal dini bilan aziz qilib, shu dinning fidoiylaridan, muallimlaridan ayladi. Yurtimiz Islom tamaddunining o‘choqlaridan biri bo‘lib, shu bilan dunyoga tanildi. Ilohim, bu sharaf qiyomatgacha bizni tark etmasin!

Hasanxon Yahyo Abdulmajid, 
«Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome’ masjidi imom noibi 
O‘zA