Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida o‘tkazilgan ochiq muloqot suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlar ishtirokini yanada faollashtirish va ilm – amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tiborga molik bo‘ldi. Uchrashuvda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Otaqulov, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti fakultet dekani Aziz Inomov hamda mazkur universitetda tahsil olayotgan sirdaryolik talabalar ishtirok etishdi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ularning mohiyati va pirovard maqsadlari keng tahlil qilindi. Qayd etilganidek, bugungi islohotlar faqat infratuzilmani yangilash yoki boshqaruvni takomillashtirish bilan cheklanib qolmay, balki sohani intellektual salohiyatga tayanadigan, zamonaviy bilim va innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirishni nazarda tutadi.

Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Ataqulov o‘z chiqishida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda raqamli yechimlarni keng qo‘llashda yuqori malakali kadrlar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil davomida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilgan ishlar ham aynan shu tamoyilga tayanadi.
– Suv xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun nazariya bilan amaliyot o‘rtasida uzilish bo‘lmasligi kerak. Shu bois Milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikni mustahkamlash, talabalarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng jalb etish va ularning kasbiy ko‘nikmalarini amaliyotda shakllantirishga alohida ahamiyat beryapmiz, – dedi Nurkamol Otaqulov.

Uchrashuvda yoshlar siyosati masalalari ham markaziy o‘rinni egalladi. Ta’kidlanishicha, davlat siyosatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Suv xo‘jaligi kabi strategik sohada bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yosh mutaxassislarni tayyorlash esa ushbu siyosatning amaliy ifodasidir.
Muloqot davomida talabalarning ta’lim jarayoni, ishlab chiqarish amaliyoti, ilmiy izlanishlari, ijtimoiy faolligi va kelgusidagi rejalari tinglandi. Yoshlar tomonidan sohadagi muammolarga doir bildirilgan taklif va tashabbuslar amaliy nuqtai nazardan muhokama qilindi va ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida ta’lim muassasalari va sohaviy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli rivojlantirish, yoshlar bilan ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish va ilm–amaliyot integratsiyasini yanada kuchaytirish suv xo‘jaligi sohasida islohotlar samaradorligini oshirishning muhim omili ekani qayd etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri