Inson hayotining mezoni uning bosib o‘tgan hayot yo‘li bilan o‘lchanadi.
U yo‘l turlicha bo‘lishi mumkin.
Ammo, Halimboy Boboyevning hayot yo‘li ancha salmoqli va murakkab bo‘ldi. Murakkabligi shundaki, u Ikkinchi jahon urushi avjiga chiqqan va xalqimiz hayotining musibatli davrlarida – 1942 yilda dunyoga keldi. U tug‘ilgan vaqt yoz fasliga to‘g‘ri kelsa-da, xuddi qishning izg‘irinli kunlaridek odamlar hayotiga sovuq ta’sir qilib turgan bir paytlar edi. Bir tomondan urush, ikkinchi tomondan qahatchilik, ocharchilik o‘sha davr insonlari qatori yosh Halimboy Boboyevning titapoya bo‘lib o‘sishida ancha qiyinchiliklar tug‘dirdi.
O‘sha og‘ir yillar uning uchun katta maktab vazifasini o‘tadi. U mehnat faoliyatini 1959 yili 17 yoshida 704-sonli «O‘zgidroenergiyaqurilish» trestining duradgorligidan boshladi. 1961-1964 yillarda armiya safida xizmat qildi. Harbiy xizmatdan keyin mehnat faoliyatini «O‘zbekmetallurgiya» zavodining ishchisi sifatida davom ettirdi. Lekin, bolaligidayoq uning qalbidan joy olgan huquqshunoslik orzusi hech qachon tark etmadi.
Yillar davomida o‘zi qatori ulg‘ayib, shakllanib kelgan hayotiy tajribasi, bilimga bo‘lgan tashnaligi oliy ta’lim olishga, huquqshunos bo‘lishga yetakladi. Pirovardida, 1965-1970 yillarda Toshkent davlat universiteti yuridik fakulteti talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Oliy ma’lumotli huquqshunos Halimboy Boboyev shundan keyin atigi bir yil Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining katta inspektori, tezkor navbatchisi vazifalarida faoliyat yuritib, 1971 yildan hozirga qadarlik mehnat faoliyatining qolgan qismini ta’lim-tarbiya va ilm-fanga baxshida ayladi.
Jumladan, Toshkent davlat universiteti yuridik fakultetining aspiranti, o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, xorijlik talabalar bilan ishlash bo‘yicha dekani, malaka oshirish kurslari dekani, dotsenti, kunduzgi bo‘lim bo‘yicha dekan muovini, «Davlat va huquq nazariyasi» kafedrasining mudiri lavozimlarida samarali mehnat qildi.
1991 yildan boshlab Toshkent davlat yuridik institutining kechki va sirtqi bo‘limlar bo‘yicha prorektori, «Davlat va huquq nazariyasi» kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining prorektori, Toshkent davlat yuridik instituti rektori, Toshkent davlat yuridik institutining «Davlat va huquq nazariyasi» kafedrasining mudiri, Yuristlar malakasini oshirish markazining «Davlat-huquqiy fanlari» kafedrasi mudiri va boshqa lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
bugungi kunda sakson yoshini qarshilayotgan yuridik fanlari doktori, professor Halimboy Boboyev yuzlab ilmiy va ilmiy-publitsistik asarlarga mualliflik qildi, Burhoniddin Marg‘inoniyning yurisprudensiyaning negizi bo‘lgan mashhur «Hidoya» asarini zamonaviy o‘zbek tiliga tarjima qilishda faol ishtirok etdi, «Avesto» – Sharq xalqlarining bebaho yodgorligi» nomli hammualliflikdagi asari esa uzoq tariximizni ko‘z oldimizga keltirib berdi.
Shuningdek u, ayniqsa, ta’lim-tarbiya masalalariga alohida e’tibor qaratgan jonkuyar rahbar va atoqli olim sifatida xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi, hurmatini qozondi. Davlatimizning «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» faxriy unvoni sohibiga aylandi.
U erkin fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurilishi jarayonlarida, shuningdek, jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi hayotida ham muhim iz qoldirdi.
Partiyani tuzish tashabbuskor guruh o‘zagida yirik jamiyat arboblari qatorida Toshkent davlat yuridik instituti rektori, professor Halimboy Boboyevning faol ishtiroki partiya tarixiga muhrlandi. Uning faol ishtirokida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamiz barcha viloyatlarida tashabbuskor guruhlar tuzilib ta’sis Qurultoyiga tayyorgarlik ko‘rildi.Partiyaning Nizomi, Dasturi va Qurultoyning o‘zbek xalqiga murojaatnomasi loyihalari ishlab chiqildi.
Shunday qilib, 1995 yil 18 fevral kuni O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekistondagi ilk va yagona sotsial-demokratik partiya sifatida tashkil etildi. O‘shanda partiya Siyosiy Kengashi kotiblaridan biri bo‘lib Halimboy Boboyev saylandi va 1999 yilga qadar besh yil davomida jamoatchilik asosida shu lavozimda faoliyat yuritib, partiyaning oyoqqa turishi, tashkiliy va g‘oyaviy jihatdan o‘sishida faol ishtirok etdi.
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Halimboy Boboyevning partiya hayotidagi faol tashkilotchilik va rahbarlik darajasidagi ishtirokini, el-yurt, keng jamoatchilik orasida tanilishiga, safdoshlarimiz sonini orttirishiga qo‘shgan beg‘araz xizmatlarini qadrlab, 2018 yilda partiyaning oliy mukofoti – «Adolat» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.
Hali ham jamiyat oldidagi o‘z mas’uliyatini unutmagan, ayniqsa, yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat, insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat, yuksak fidoyilik va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashdek sharafli ishlarda faollik va namuna ko‘rsatib kelayotgan Halimboy Boboyevni 80 yillik umr yo‘llari bilan qizg‘in tabriklaymiz.
Zero, bu katta yo‘l ilm va ma’rifat yo‘li bo‘lib, uzoq yillar jamiyat uchun nafi tegishiga tilakdoshmiz.
Abdukamol Rahmonov,
«Adolat» SDP Siyosiy Kengashi
raisi o‘rinbosari