Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm va adabiyotga bag‘ishlagan umr…
15:54 / 2024-03-01

Adabiyotshunos va publitsistlar silsilasida alohida bir cho‘qqi sifatida ko‘zga tashlanib, o‘zbek adabiyotini jahon adabiyoti bilan uyg‘un tarzda o‘rganish an’anasini boshlab bergan Ozod Sharafiddinov 1929-yil 1-mart kuni Qo‘qon yaqinidagi Oxunqaynar qishlog‘ida dunyoga keldi. Toshkentdagi maktabni bitirib, O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tugatgach, aspiranturani Moskvada o‘qidi.

Har bir adabiy turning yetakchi janri bo‘lganiday, adabiy-badiiy tanqidning ham mashhur qadimiy janri bor. Bu – adabiy-tanqidiy portretdir. 

Ozod Sharafiddinov faoliyati davomida ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Xususan, poeziya muammolari bilan shug‘ullandi, o‘zbek she’riyati va uning holati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. 

U yaratgan adabiy meros sarhisob qilinsa, alohida chop etilgan asarlarining o‘zi 28 taga, vaqtli matbuotdagi maqola va suhbatlari 385 taga yetadi. To‘plamlardagi maqolalar, kirish so‘zlar, so‘zboshi va so‘ngso‘zlar 50 dan ziyod, tarjima asarlari esa 150 taga yaqin bo‘lgani qayd etiladi ma’lumotlarda. 

“Zamon”, “Qalb”, “Poeziya”, “Yalovbardorlar”, “Iste’dod jilolari”, “Birinchi mo‘jiza”, “Adabiyot – hayot darsligi”, “Cho‘lponni anglash”, “Ijodni anglash baxti”, “Dovondagi o‘ylar” kabi adabiy-tanqidiy risolalari shular jumlasidandir. 

Ozod Sharafiddinovning munaqqidlik faoliyatida ikki davr ko‘zga tashlanadi. Birinchi davr sho‘ro totalitar tuzumida kechgan bo‘lib, unda adabiyotni totalitar mafkura g‘oyalaridan himoya qilish, adabiy qonuniyatlar asosida tadqiqotlar olib borish muammolari tadqiq etilgan (“Zaharxanda qahqaha”, “Hayotiylik jozibasi, sxematizm inersiyasi”, “Yurtin madhi bo‘ldi so‘nggi satri ham”, “She’r ko‘p, ammo shoirchi?»). 

Ikkinchi davr istiqlol yillarini qamrab oladi. Bu davrda u milliy adabiyotni shakllantirish muammolari, o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligini qayta qurish, jahon adabiyoti an’analarini o‘zlashtirish hamda tarjima san’atini yuksaltirish masalalarini tadqiq etdi. (“Bir tilda gaplashaylik”, “Mag‘zi puch so‘zlardan bir tosh nari qoch”, “Qaydasan, Moriko”). 

Ozod Sharafiddinov XX asrning 90-yillari o‘rtalarigacha O‘zbekiston Milliy universiteti professori sifatida ishladi. 1995-1997-yillarda “Tafakkur” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri vazifalarida faoliyat olib bordi. 

U ijodkorlar asarini tahlil qilish jarayonida o‘zi ham har biridan saboq, ma’naviy ozuqa olishga harakat qilgan. Tanqidchilikning vazifasini ijodkorga faqat aql o‘rgatishda, faqat ko‘kka ko‘tarib yoki yerga urishda emas, asarlardan badiiylikni axtarishda deb bilgan. 

Olim qaysi ijodkor xususida to‘xtalmasin – Cho‘lpon, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Said Ahmadmi, har bir yozgan maqolalarida ularning nafasi sezilib turgani aytiladi. 

Ozod Sharafiddinov ilm va adabiyotga bag‘ishlagan umri davomida yuzlab maqolalar, taqrizlar, sharhlar yozdi. 

Olim samarali mehnatlari uchun Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi, “O‘zbekiston qahramoni”, Samarqand davlat universiteti faxriy professori, Antik dunyoni o‘rganish jamoatchilik akademiyasining akademigi bo‘ldi. 

Adabiyotshunos olim 2005-yilda olamdan o‘tdi. 

Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA