Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi tarkibidagi va Islom sivilizatsiyasi markazidagi muzeylar inson tarbiyasi, ilm olishi va tarixni anglashda benihoya ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Tarixning esa katta-kichigi yoki uzoq-yaqini bo‘lmaydi. U o‘z nomi bilan tarix. Shunday ekan, Farg‘ona davlat universitetining tabiiy fanlar fakultetida tashkil etilgan muzey ham ahamiyati jihatidan boshqalardan kam emas.

95 yillik tarixga ega bu qutlug‘ dargoh tabiiyot, biologiya, kimyo, zoologiya, botanika, biotexnologiya, geografiya, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlab keldi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining taniqli akademiklari Avliyoxon Muhammadiyev, Qodir Zokirov, Ahror Muzaffarov, shuningdek, o‘nlab taniqli fan doktorlari, professorlar shu fakultetda tahsil olganlar. Keyingi 10 yillikda ilmiy salohiyat 47 foizdan 83 foizga yetdi. Bugungi kunda 85 nafar professor-o‘qituvchi, shu jumladan, 10 nafar fan doktori, professor, 61 nafar fan nomzodi va falsafa doktori (PhD), 14 nafar katta o‘qituvchi va o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda.

“Tarixga nazar”, “Ustozlar xotirasi – muqaddas burch”, “Bizning faxrimiz”, “Fakultet hayotidan”, “Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar”, “Ilmiy tadqiqot ishlari”, “O‘quv jarayoni va xalqaro hamkorlik” kabi burchaklar hamda ustozlar qalamiga mansub ilmiy risolalar, ommabop nashrlar, fanlar va laboratoriya ishlariga oid ma’nan eskirgan jihozlar, turli moddiy ashyolar hamda hujjatlar fakultetning bir butun yaxlit tarixidan so‘zlaydi.
Toshkent shahrida Yangi O‘zbekiston milliy muzeyiga asos solinishi viloyat, shahar va tumanlarda ham aks sado bera boshladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA