Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm qadr topgan yurtning baxtli olimasiman
15:38 / 2023-05-24

Dil so‘zi

O‘zimni eng baxtli olima, ayni paytda eng omadli o‘qituvchi sanayman. Avvalo, Yangi O‘zbekiston me’mori ko‘z o‘ngimizda biz, yoshlarga yangi davrni qurib berdi. Qolaversa, yosh bo‘lishimga qaramay, yurtimizdagina emas, balki Markaziy Osiyodagi nufuzli va yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universitetida talabalarga saboq berib kelyapman. Buning mas’uliyati esa judda katta. Chunki zimmamizga Uchinchi Renessans avlodini tarbiyalash vazifasini har qadamda his qilib turamiz. 

Yaqinda 105 yillik yubileyini nishonlagan universitetimiz tarixini bilmaydiganlar bo‘lmasa kerak. U O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda tashkil etilgan birinchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Ya’ni faoliyatini 1918 yili Turkiston xalq universiteti sifatida boshlagan bo‘lib, 1920 yili Turkiston davlat universiteti, 1923 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti, 1960 yili Toshkent davlat universiteti nomini olgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi tegishli Farmoniga binoan Milliy universitet maqomiga berilgan. 1995 yildan e’tiboran esa Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atala boshlangan. 

Ammo universitet hayotida so‘nggi yillarda sifat o‘zgarishlari yuz bermoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, islohotlarning yangi davrida O‘zMU rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Prezidentimizning 2019 yil 17 iyundagi “2019 — 2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim omil bo‘ldi. Natijada u yoshlarning iste’dodi yuzaga chiqadigan, ilmiy g‘oya va tashabbuslari amaliyotga ko‘chadigan ilm-ma’rifat maskani, innovatsiyalar markaziga aylanmoqda. O‘zimning ilmiy-pedagogik faoliyatim misolida buning guvohiman. 

Darhaqiqat, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qodir yangi zamon kadrlarini tayyorlash yo‘lida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolar yechimiga xizmat qiladigan ilmiy ishlar qilishga jalb etish bo‘yicha samarali tizim yaratilmoqda. Yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, taqdim etilayotgan ulkan imkoniyatlar in’ikosini O‘zMUda yaqqol ko‘rish mumkin. Buning samarasi o‘laroq, talaba-yoshlar orasidan yosh olimlar yetishib chiqmoqda. Ular safida xotin-qizlar soni ko‘payib borayotgani, ayniqsa, quvonarlidir. 

O‘zimdan qiyos, «Shakar o‘rnini bosuvchi moddalar asosida qonda giperglikemiya chaqirmaydigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish» loyiham “Bo‘lajak olim” respublika tanlovida yuqori baholanib, 14 nafar g‘oliblar qatorida rag‘batlantirishga tavsiya etildi. Va bu loyihaga grant oldim. 

 Aytish joizki, hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish hamda ularning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tanlov mening ilmiy faoliyatimda tub burilish yasadi. O‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirdi. Ilmiy ishimni davom ettirib, olim bo‘lish qarorinimni yanada qat’iylashtirdi. 

Nomzodlik ilmiy-tadqiqotimni “COVID-19”ga chalingan organizmlar faoliyati tiklanish davrining fiziologik mexanizmlari” mavzuida olib bordim. Bu mavzuning bejiz tanlaganim yo‘q. Chunki 2019-2022 yillarda dunyoning 221 davlatida jami 650 million kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, ulardan 6,65 million nafari vafot etdi. O‘zbekistonda esa ushbu dardga chalingan 248 ming bemorning 1637 nafari bu yorug‘ olamni tark etdi. Ular orasida otajonim shifokor Bahodir Ahmedovning borligi ilmiy ishimga boshqacha nazar bilan yondashishga katta turtki bo‘ldi. Butun dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborgan ushbu virus oqibatlarini, “COVID-19”dan keyingi tiklanish davrining fiziologiyasini chuqurroq tadqiq qilishga urindim. Tabiiyki, bunda ustozlarim, ayniqsa, O‘zMU biologiya fakulteti dekani, professor To‘xtasin Abdrahmanov, “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” kafedrasi jamoasi, ilmiy rahbarim akademik Bakridin Zaripovning yordamlari biqiyos bo‘ldi. Qolaversa, rasmiy opponentlardan biri sifatida “COVID-19” bo‘yicha dunyodagi yetuk mutaxassis, professor N.Atabekovning tayinlangani zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshirdi. 

Olib borilgan izlanishlar natijasida “COVID-19”ga bag‘ishlangan 30 dan ziyod maqola, tezislarim dunyoning nufuzli jurnallarida, konferensiyalarda chop etildi. Jahonda ilk bor mening mavzuimda jonajon Yangi O‘zbekistonimizda, O‘zbekiston Milliy universitetida I Xalqaro koronavirus fiziologiyasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda jahonning 20 dan ortiq davlatlaridan nufuzli olimlar ma’ruzalar bilan qatnashishdi. 

Biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorligi uchun yozilgan dissertatsiya ishimni Samarqand davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda himoya qildim. Falsafa doktori (PhD) diplomimni qadrdon universitetimizning qutlug‘ 105 yillik tantanalari arafasida qo‘limga olganim men uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. 

Men ilm qadr topgan yurtning yosh olimasi, yosh mutaxassisi ekanligimdan faxrlanaman. Prezidentimizning yoshlarga bildirayotgan ishonchini oqlash, berilayotgan keng imkoniyatlarga munosib javob qaytarish, Vatan ravnaqiga xizmat qiladigan fidoyi yoshlar qatorida bo‘lish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman. 

Gulsara AHMEDOVA,

biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,Mirzo Ulug‘bek nomidagi 

O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya fakultetining 

“Odam va hayvonlar fiziologiyasi” kafedrasi o‘qituvchisi.