English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm oling, uni hech kim sizdan tortib ololmaydi
10:13 / 2023-12-10

Yurtimizda boshqa sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim tizimi ham tubdan isloh qilinmoqda. Eng asosiysi, jamiyatimizda o‘qituvchining sha’ni, qadr-qimmati davlat himoyasiga olingani, ushbu masala Konstitutsiyamizda ham huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgani o‘qituvchi va pedagoglar uchun tarixiy yangilik bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan  joriy yilning 28 avgust kuni o‘tkazilgan ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Muxbirimiz Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova bilan kelgusida tizimda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida suhbatlashdi:

– Viloyatimizda keyingi 3 yilda davlat dasturlari doirasida 5 ta maktab yangidan qurildi, 64 ta maktab rekonstruksiya qilindi, 23 ta maktab mukammal ta’mirlandi. 1 ta Prezident maktabi va 7 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari qad rostladi. Ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 700 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.  

Bundan 3 yil avval viloyatda 1 ming AQSH dollari miqdorida ish haqi oladigan o‘qituvchilarimiz soni 6 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bunday o‘qituvchilarimiz soni 217 nafarga yetdi. 1790 nafar chet tili fani o‘qituvchisining milliy va xalqaro sertifikatlarini olish darajasi so‘nggi uch yilda 46 foizdan 80 foizga yetib, hozir ularning soni 1426 nafarni tashkil etmoqda.  

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash, jumladan, ilg‘or ta’lim dasturlarini maktablarga joriy etish, ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarimizning kasbiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.  

Kelgusi yilda Investitsiya dasturi doirasida 1 ta yangi maktab quriladi, 5 ta maktab rekonstruksiya qilinadi, 2 ta maktab mukammal ta’mirlanadi va ushbu maqsadlar uchun 50,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi evaziga 3000 nafar qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Shuningdek, 66 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, jihozlanadi. Ushbu maqsadlar uchun 478 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltiriladi.  

– O‘tgan yili attestatsiyada ishtirok etgan 20 ming o‘qituvchidan 398 nafari yoki 2 foizining bilim va ko‘nikmasi “qoniqarsiz” baholangan edi. Xo‘sh, bu kabi o‘qituvchilarning malakasi va bilim saviyasini oshirish maqsadida qanday chora-tadbirlar belgilanmoqda?

– Albatta, bu hol, ayniqsa, hozir talab yuqori bo‘lgan informatika, ingliz tili, fizika, matematika va kimyo fani o‘qituvchilari ekanligi aniqlangan. Shu bois kelgusida ushbu o‘qituvchilarning malakasini yaxshilash va bilim saviyasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi. Bunda Navoiy davlat pedagogika instituti va pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi bilan hamkorlikda har bir o‘qituvchining bilim darajasi qayta diognostik test sinovidan o‘tkaziladi. Aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun 1 oydan 3 oygacha metodik yordam ko‘rsatilishi orqali ushbu o‘qituvchilarning bilim darajasi yaxshilab boriladi.

2024 yilda malaka oshirish markazi binolarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini zamonaviy talablarga javob bera oladigan, so‘nggi axborot texnologiyalari bilan jihozlash bo‘yicha dastur qabul qilinishi rejalashtirilgan.

– Viloyatning olis cho‘l hududlaridagi maktablarda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar bilim saviyasini oshirish uchun ham biror-bir chora ko‘rilmoqdami?

– Darvoqe, Uchquduq, Tomdi, Konimex tumanlari markazlaridan ancha olisda maktablarimiz mavjud. Ularda ham xalqimizning farzandlari ta’lim-tarbiya olmoqda. Cho‘l va olis hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagog-kadrlar uchun ilg‘or tajribali pedagoglar jamoasidan iborat trenerlar guruhi tomonidan ko‘chma malaka oshirish kurslari joriy etiladi. Natijada olis hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning malakasi oshiriladi. Ushbu tajriba birinchi navbatda, o‘qituvchilarning bilim darajasi past bo‘lgan Konimex tumanida sinovdan o‘tkaziladi.

Ta’lim sifatini oshirish maqsadida joriy yilda viloyat bo‘yicha 20 ta maktabda Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi hamda baholash tizimi joriy etilmoqda. Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama beriladi. Kelgusi besh yilda ushbu tizim bosqichma-bosqich barcha maktablarga tatbiq qilinadi.

– Hech kimga sir emas, keyingi yillarda Navoiy viloyati yoshlari oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatgichi bo‘yicha respublikada yuqori o‘rinni egallab kelmoqda. Ammo bu borada ham muammolar mavjud. Jumladan, bitiruvchilari umuman o‘qishga kirolmayotgan maktablar ham bor...

– Yoshlarimizning oliy ta’limga qamrov darajasini muntazam oshirib borish ham oldimizda turgan asosiy vazifalardan biridir. Shu bois o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Konimex tumanidan 16 ta, Xatirchi tumanidan 61 ta, Tomdi tumanidan 12 ta, Nurota tumanidan 23 ta va G‘ozg‘on shahridan 3 ta maktabga metodik yordam ko‘rsatish maqsadida viloyatdagi ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan maktab jamoalari biriktiriladi.

Shuningdek, maktablarda 7-11-sinf o‘quvchilariga “kimyo – biologiya”, “matematika – fizika”, “matematika – chet tili”, “ona tili va adabiyot – chet tili” fanlari ularning tanlovi asosida o‘qitilishi kuchaytiriladi.

– Bugungi kunda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, chet tillarini o‘qitish muammosi qanday hal etilmoqda?

– O‘quvchilarga kasb va ikkinchi xorijiy til o‘rgatish borasidagi Oqdaryo tumani 32-maktab tajribasini viloyatdagi 40 ta maktabda joriy etish bo‘yicha vazifalarni aniq belgilab olganmiz. Viloyatimizda 11 ta maktabda ushbu tizim yo‘lga qo‘yildi hamda kasb ta’limi xonalari bosqichma- bosqich belgilangan tartibda qayta jihozlanmoqda.

Har bir hududning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, maktablarda santexnik, elektrik, chilangar, duradgor, poyafzal tikuvchi, zamonaviy kasblardan multimedia, dizayn va san’at materiallarini yaratish va ishlov berish, robototexnika mutaxassisi, videomontaj ustasi, kompyuterlarga texnik xizmat ko‘rsatish, xorijiy tillardan esa xitoy, nemis, yapon, koreys va fransuz tillari o‘rgatiladi.

Buning natijasida hozirgi mavjud IELTS va CEFR (xalqaro va milliy sertifikat)dan 6+ daraja olgan 823 nafar o‘quvchilar soni keyingi ikki yilda 3 barobarga oshirilib, 2500 nafarga yetkaziladi. Yuqori daromad keltiruvchi zamonaviy kasblar o‘rgatiladigan o‘quvchilar soni esa 3 baravarga oshiriladi.

[gallery-14986]

Nurota, G‘ozg‘on, Tomdi, Xatirchi va Konimex tumanlari tajribasi misolida 25 ta maktabda xorijiy til o‘rgatishga yo‘naltirilgan 1 tadan sinf tajribali o‘quv markazlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi hamda markaz tomonidan xalqaro va milliy sertifikatga ega bo‘lmagan yuqori sinf o‘quvchilari va chet tili o‘qituvchilarining bilimini oshirish, chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikat olishida amaliy yordam ko‘rsatiladi.

O‘quvchilarning kasb egalari bo‘lib yetishishi uchun nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini integratsiyalashga qaratilgan o‘quv jarayonlarini tashkil etib, o‘quvchilar ishlab chiqarish korxonalariga amaliyotga yuboriladi.

Bunda Navoiy shahridan 6 ta maktab “Navoiy kon metallarugiya kombinati” AJga, 6 ta maktab “Gidro stanko servis” AJga, 10 ta maktab “Navoiyazot”AJga, Navbahor tumanidan 10 ta, Karmana tumanidan 10 ta maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari “Navoiy IES” va “Navoiy erkin iqtisodiy zonasi”ga amaliyot o‘tash uchun biriktiriladi.  

Shuningdek, har bir tuman va shahardagi sektorlarda bittadan “Namunali maktab”lar tashkil etilib, bunda tanlab olingan maktablar nizom talablari asosida jihozlanadi hamda kelgusida ushbu talablar bosqichma-bosqich boshqa maktablarda ham joriy etiladi.

Albatta, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasi va ularning taqdiri uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Prezidentimizning “Ilm oling, ilm o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi va hech kim hech qachon sizdan tortib ololmaydi”, degan so‘zlarini doimo yodda tutgan holda birgalikda harakat qilinsa, rejalashtirgan barcha ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari