Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Guliston davlat universitetiga tashrif buyurib, oliy ta’lim muassasasidagi ilmiy-amaliy ishlar, ta’lim jarayoni hamda talabalarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Hokim, avvalo, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan amalga oshirilayotgan grant hamda startap loyihalari taqdimoti bilan tanishib, ularning yutuqlari va kelgusidagi istiqbollari to‘g‘risida o‘z munosabatini bildirdi.
– Bugungi uchrashuv universitetimizdagi ilmiy muhit yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi. Viloyat rahbari vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning har bir loyiha muhokamasida shaxsan ishtirok etishi bugungi kun talablariga javob beradigan ilmiy g‘oya va amaliy yechimlarga bo‘lgan e’tiboridan dalolat beradi. Bu esa bizni yanada kuchli ilmiy izlanishlar olib borishga rag‘batlantiradi, – dedi universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Orif Murodov.
Shuningdek, tashrif chog‘ida universitet qoshida faoliyat yuritayotgan biotexnologiyalar laboratoriyasi imkoniyatlari bilan ham tanishildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, jumladan, hosildorlikni oshirish va viruslarga chidamli navlarni yaratish kabi masalalar muhokama etildi.
[gallery-22822]
– Laboratoriyamizdagi tadqiqotlar amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lib, hozir urug‘lik navlarni takomillashtirish va ularni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish ustida ish olib boryapmiz. Viloyat rahbarining tashrifi bizga katta ilhom bag‘ishladi, – deya ta’kidladi Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot instituti direktori Habib Ko‘shiyev.
Tashrif davomida talabalar bilan ochiq muloqot bo‘ldi. Qizg‘in bahs va munozaralarga boy uchrashuvda yoshlar o‘z g‘oyalari, takliflari va tashabbuslari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari va ijodiy to‘garaklar tashkil etishga oid bir qator takliflar ilgari surildi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan talabalarning ijod namunalari namoyish etildi. E.Turdimov talabalar faolligini yuqori baholab, universitet qoshida tashkil etilgan "Rahbar kadrlar tayyorlash klubi" faoliyatida shaxsan ishtirok etish niyati borligini bildirdi.
– Bunday ochiq muloqotlar yoshlarimizga o‘zini ko‘rsatish, ilmiy va ijodiy salohiyatini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Talabalarning tashabbuslari biz uchun juda muhim. Biz ularni albatta qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi universitetning yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev.
Bu kabi tashrif va muloqotlar Guliston davlat universiteti hayotida yangi bosqichni boshlab beradi hamda talabalarning ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyatiga yangi sur’at baxsh etadi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari