Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm inoyati
09:02 / 2023-06-10

Olimlarimiz

Olim bo‘lish oson emas

Yaratgan  inoyat qilgan kishigina olim bo‘ladi.  Olimlikning o‘z talablari, shartlari, odobi, madaniyati, burchi va mas’uliyati – bor. Ammo olim bilan olim o‘rtasida farq – katta. Ilmiy tashkilotda ishlab ilmiy faoliyat olib borish bilan oliy ta’lim muassasasida dars berib turib ilmiy ishlar yozish ham bir-biridan tafovut qiladi. Axir, ta’lim dargohida muallimning birlamchi vazifasi dars berish, ya’ni kadr tayyorlash-da. Yoki muzofotda turib olim bo‘lish bilan poytaxtda yashab tadqiqotchi bo‘lish o‘rtasida o‘xshamaydigan tomonlar – ko‘p. 

Professor Sulaymon Inoyatov – aynan viloyatlarimizdagi oliy ta’lim muassasasida ishlab turib olim bo‘lganlardan. Buning mushkulotini boshidan o‘tkazganlar yaxshiroq biladi.

Nasab va hasab

Ko‘plarimiz tilimizga asli arabchadan kirib kelgan bu ikki so‘zni eshitganmiz, go‘yoki ma’nosini ham bilamiz. Lekin amalda unday emasday.

“Nasab” shaxsning naslini, ajdodini, oilaviy shajarasini bildiradi. Ammo har qancha ulug‘ nasabdan bo‘lmang, o‘zingizni unga loyiq darajada o‘stirmasangiz, hayotingiz mobaynida unga mos ravishda tutmasangiz, bu sizga hech narsa keltirmaydi. Aksincha bo‘lsangiz, bilganlar isnod qilishi ham – mumkin. 

Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat...” tazkirasida keltirishicha, hazrat Xoja Bahouddin Naqshbanddan muridlari: “Sizning silsilangiz ne yerga yetar?” – deb so‘rashdi. “Kishi silsila bila hech yerga yetmas”, – deb javob berdilar u ulug‘ zot.

 “Hasab” esa nasab, mol-dunyo, mansab, silsila ketidan keladigan shon-sharaf, shuhrat, martabani anglatadi. Biroq buning uchun ham kishi yillar mehnat qilishi, shu tariqa el-ulus orasida obro‘y-e’tibor topishi  – lozim.

Sulaymon Inoyatov Stalin qatag‘oni ayni avjiga chiqqan 1938 yili Buxoro shahrining Sitorayi Mohi xossa mavzesidagi Sheyxon (Shayxlar) qishlog‘ida tug‘ildi. Nasab va hasab haqida so‘z boshlab qo‘yganimiz bekorga emas. Har qancha ulug‘ nasabli oilada tavallud topgan bo‘lsa ham, bu urug‘ning kattalari qatag‘on qurboni bo‘lgan, avlodlar o‘z ajdodlari haqida gapirishga ham qo‘rqib qolgan bir zamon edi. U tug‘ilishidan bir necha oy oldin  qarindoshi Fayzulla Xo‘jayev xalq dushmani sifatida otib o‘ldirilgan edi.

Buxoroda mashhurdan-mashhur xo‘jalar oilasi bori edi. Xo‘jalarning taniqlilaridan biri Karomatullaxo‘ja edi. 1920 – 1924 yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasini, 1924 – 1937 yillari esa O‘zbekiston SSRni boshqargan Fayzulla Xo‘jayev shu odamning evarasi edi. Ya’ni Fayzullaxo‘ja binni Ubaydullaxo‘ja binni Qosimxo‘ja binni Karomatullaxo‘ja.

Sulaymon Inoyatov esa Karomatullaxo‘janing chevarasi hisoblanadi. Ya’ni Sulaymonxo‘ja binni Inoyatxo‘ja binni Atoullaxo‘ja binni Po‘latxo‘ja binni Karomatullaxo‘ja. 

Inson nasabiga mos hasabga ega bo‘lmog‘i uchun ko‘p-ko‘p mehnat qilishi – kerak. Sulamymon Inoyatov hayoti buning yorqin namunasi hisoblanadi.

Yo‘l

Qahramonimiz 1956 yili Buxoro shahridagi 10-sonli o‘rta maktabni, 1961 yili Buxoro davlat pedagogika instituti(hozirgi BuxDU)ning Tarix-filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatdi.

O‘zi ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasida o‘qituvchi bo‘lib ish boshladi. 1995 yilgacha shu dargohda mehnat qildi. Institut yoshlar tashkiloti rahbari (1964 – 1966), Rus filologiyasi fakultetida dekan (1969 – 1980),  katta ilmiy xodim (1982 – 1984),  1984 – 1989 kafedra mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor (1989 – 1992), Tarix fakulteti dekani  (1992 – 1995) bo‘lib ishladi.

Tadqiqotchi sifatida, asosan, matbuotning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni masalalarini o‘rgandi. Shu yo‘nalishda 1969 yil 7 oktyabrida hozirgi O‘zbekiston milliy universitetida tarix fanlari nomzodi, 1987 yil 7 dekabrda Moskva davlat pedagogika universitetida tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi.

1995 yili Prezident farmoni bilan Navoiy davlat konchilik instituti ochildi. S. Inoyatov hozirgi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining yo‘llanmasi bilan birinchi prorektor lavozimiga o‘tkazildi. U salkam 5 yil davomida institutda tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni izga qo‘ydi.

2000 – 2004 yiliara Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyati bo‘limiga rahbarlik qildi. Navoiy davlat pedagogika instituti kafedrasi mudiri (2004 – 2011) bo‘lib ishladi. 2016 yildan buyon 2016 yil sentyabridan boshlab o‘zining alma-materi hisoblangan Buxoro davlat universitetining professori lavozimida hizmat qilib kelmoqda.

Olimning Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tgan buyuk zotlar hayoti va faoliyatini o‘rganish, qabrlarini obod qilish borasidagi faoliyati ham – tahsinga sazovor.

S. Inoyatov 3 qiz va 3 o‘g‘ilning otasi, 13 nevara va 14 evarasi – bor.

Munosib rag‘bat

Hayotda har qanday mehnat munosib rag‘batlantirilishi – lozim. Bu kishini yangi-yangi marralarga undaydi.

S. Inoyatov “Do‘stlik” ordeni (2002), “Shavkatli mehnati uchun” (1970) medali, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, Oliy ta’lim a’lochisi (2001) nishonlari, “Ustoz” faxriy unvoni (2001), “Mustaqillikning 10 yilligi” esdalik nishoni (2001), “Mustaqillikning 25 yilligi” (2016) esdalik nishoni, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni (2021), “Mehnat faxriysi” I darajali ko‘krak nishoni (2022), “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni (2022) bilan taqdirlangan.

Biobibliografiya yoxud g‘alvirni suvdan ko‘tarsak...

“Bibliografiya” degan so‘zni ko‘pchilik tushunadi. Bu kitoblar yoki matbuotda chop etilgan narsalarning batartib ro‘yxatini anglatadi. Ammo, mana, qo‘limda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Buxoro davlat universiteti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi hamkorligida Buxoroda shu kunlarda chop etilgan “Sulaymon Inoyatovich Inoyatov” degan biobibliografiya turibdi.

“Biobibliografiya”ning “bibliografiya”da birgina farqi shuki, endi bunda bir muallifga doir nashrlarning ketma-ketlikdagi ro‘yxati beriladi.

85 yoshli olimning biobibliografiyasini varaqlash – naqadar maroqli! Har kim ham shu yoshlarga kirishni, ishlarining shunday batartib aks ettirilishini, g‘alvirni suvdan ko‘targanda, unda qilingan ezgu ishlar “manaman” deb turishini kim ham istamaydi, orzu qilmaydi, deysiz?!

Tarixchilardan ko‘p narsani o‘rganish – kerak.  Ularda xronologiya kuchli bo‘ladi. Bu – qat’iy ketma-ketlikka amal qilish, degani. Kechayotgan hayotning har bir lahzasi qayd etilishi – kerak. Kechmish uchun birlamchi yoki ikkilamchi fakt bo‘lmaydi. Chunki xohlagan mahalda ularning o‘rni almashadi: birlamchi deb bilganingiz fakt ikkilamchi, ikkilamchi deb o‘ylaganingiz voqea birlamchi ahamiyat kasb etib qolishi hech gap emas-da.

1986 – 2023 yillar mobaynida o‘zbek va rus tillarida bosilgan 40 monografiya, risola, darslik, qo‘llanma! Bu kitoblar haqida matbuotda bosilgan 22 taqriz! 2 nomzodlik, 3 falsafa doktori dissertatsiyassiga ilmiy rahbarlik! 1 doktorlik, 1 nomzodlik, 2 falsafa doktori dissertatsiyasiga rasmiy opponetlik! 1 fan doktori, 2 falsafa doktori dissertatsiyasi uning ilmiy rahbarligida yakunlanish arafasida! 488 ilmiy va publitsistik maqola! 27 monografiya, risola, darslik va o‘quv qo‘llanmasiga mas’ul muharrirlik! 72 monografiya, risola, darslik va o‘quv qo‘llanmasiga taqrizchilik qilish! 7 kitob, shuningdek, 74 matbuot materialida bu olim hayoti va faoliyati bu olim hayoti va faoliyatining turli qirralari yoritilgan!..

Eng katta boylik 

“Boylik” tushunchasini har kim har xil anglaydi, o‘zicha tasavvur qiladi. Biroq, modomiki, insonga bir martagina berilar ekan, kaminaning nazdida, bu yorug‘ olamda umrdan kattaroq boylik – yo‘q va bo‘lmaydi ham. Nazarimda, Alloh taolo sevgan bandasini uzoq umr berib siylaydi yoki sinaydi. Shunga amin bo‘lganmanki, ko‘plar aynan umri vafo qilgani uchungina bu dunyoda ko‘p-ko‘p sharafga musharraf bo‘ladi.

Ertalab uyg‘onganingda qo‘ling, oyog‘ing, aqling ishlab turgan bo‘lsa, yoshning nima ahamiyati – bor? Axir, 85 yoshda ham Sulaymon akadek zavq-shavqqa to‘lib yashash, ishlash, kelajakka intilish, mehnat qilib, charchamaslik – mumkin-ku!

Sultonmurod OLIM,

 O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.