Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 11-fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni munosabati bilan “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq ta’sis etilgan ushbu sana xotin-qizlarning ilmiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini ta’minlash hamda innovatsion taraqqiyot jarayonlaridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.


Anjumanda hududdagi ta’lim muassasalari pedagoglari, ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlar, sport sohasida yuksak natijalarga erishgan qizlar, jamoatchilik vakillari hamda mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi, xususan, ilm-fan va ta’lim sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.


Anjumanda ayollarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yosh qizlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida faol xotin-qizlar va iqtidorli yoshlar e’tirof etilib, ilm yo‘lida izlanayotgan qizlarga amaliy tavsiyalar berildi.
O‘zA