O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Yangi turdagi qurilish materiallarini yaratishda ilm-fan yutuqlarining joriy etilishi, sohada xalqaro standartlarning qabul qilinishi darajasi va intellektual mulkning tutgan o‘rni” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, «O‘zstandart» agentligi mutasaddilari va jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda sifatli hamda hamyonbop, raqobatbardosh qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion loyihalar tanlovi va tanlovda tanlab olingan loyihalarni moliyalashtirish hamda ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati sohasida mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Masalan, bu kabi ishlar natijasida 2020 yilda 22 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish kutilmoqda. Shuningdek, 2019-2020 yillarda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshidagi Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashiga 10 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 42 ta innovatsion loyiha ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
– Bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yillarda biz 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqargan bo‘lsak, bugungi kunda ishlab chiqarish jarayonlariga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish natijasida materiallar turi 200 dan oshdi, – dedi «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Bahodirov. – Jumladan, joriy yilda shu kungacha mamlakatimizda ishlab chiqarilmagan yangi turdagi gazobeton bloklari, gulqog‘ozlarning yangi avlodi, keramogranit, penoblok, yuqori markali sement mahsulotlarini ishlab chiqarish joriy qilindi.
Qayd etilganidek, sifatli va xavfsiz yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha o‘tgan yili 340 ta xalqaro standart qabul qilingan bo‘lsa, joriy yil 542 ta va 2021 yilda 505 ta xalqaro standartni qabul qilish reja asosida amalga oshirilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Otajonovning ma’lum qilishicha, vazirlik tomonidan e’lon qilingan va o‘tkazilgan tanlov natijalariga asosan 10,6 milliard so‘mlik 8 ta innovatsion loyiha ilmiy-texnikaviy kengashda ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etilgan. Buning natijasida energiyatejamkor, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni minimallashtiradigan, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga joriy etiladi.
Tadbirda intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar xususida ham ma’lumot berildi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA