Olmosdan dunyoda eng kuchli yarim o‘tkazgich yaratildi
Ushbu texnologiyaga ega protsessor Intel, AMD va Applening har qanday chiplariga “damingni ol”, deydi. Yaponiya matbuotining yozishicha, Saga universiteti olimlari rekord darajada ishlashga ega yarimo‘tkazgich yaratdilar. U "oxirgidan oldingi quvvat" yarimo‘tkazgich, deb ataladi. Rivojlanish olmosga asoslangan.
Muhandislar har kvadrat santimetrga 875 megavatt quvvatga ega olmosli yarimo‘tkazgichni ixtiro qildi (bu 875 ming kVt). Texnologiya oxirgidan oldingisi, deb nomlandi, chunki eng kuchli chip galliy nitridiga asoslangan. Uning quvvati kvadrat santimetr uchun 2090 megavattga yetadi.
Shunga qaramay, olmosli yarimo‘tkazgich bir qator afzalliklarga ega. Birinchidan, u zo‘r kuchlanish qarshiligiga ega. Ikkinchidan, olmos chiplari amalda eskirmaydi va foydalanish davridan keyin kuchini yo‘qotmaydi. Uchinchi xususiyat: olmosli yarim o‘tkazgichlar radiatsiya va harorat o‘zgarishidan qo‘rqmaydi. Olmos texnologiyalari sun’iy yo‘ldoshlar va kosmik kemalarda qo‘llaniladi, bu yerda katta harorat sakrashlari mavjud.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, kuchli olmos chiplari ekstremal sharoitlarda bo‘ladigan uskunalarda qo‘llanilishi mumkin. Masalan, kosmosda, issiq sayyorada yoki yulduz orbitasida. Olmosli yarim o‘tkazgichlarni metallurgiya sanoatida ham qo‘llasa bo‘ladi. Afsuski, yarimo‘tkazgichning o‘zi namoyish qilinmadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda yiliga 150 million karatga yaqin olmos qazib olinadi. Yana 20 million karat sun’iy olmos bo‘lib, ularning 95 foizi Xitoy tomonidan yetkazib beriladi.
Kelajak smartfonlarini shishirsa bo‘ladi

Muhandislar sensorli smartfon bilan tugmachali telefonni chatishdirdi. Karnegi Mellon universiteti (AQSH) olimlari OLED ekranlar uchun yangi texnologiya Flat Panel Hapticsni ishlab chiqdi. Endi smartfonning ekrani shishishi mumkin bo‘ladi.
Bu haqiqiy tugmachalarni taqlid qilish uchun kerak. Misol uchun, ekran ma’lum joylarni puflay oladi va shu bilan sensorli klaviatura yaratadi. Puflanadigan tugmalar hozirda ekranda ko‘rsatilgan narsaga qarab yo‘qoladi va yana paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, foydalanuvchi o‘zini haqiqiy tugmachalarni bosayotgandek his qiladi.
Eng qizig‘i shundaki, bu tugmachalar haqiqatan ham bosiladi, chunki suyuqlik ekran ostida yashiringan. Puflanadigan ekran ikki qatlamdan iborat: OLED paneli va o‘rnatilgan elektr nasoslar. Ushbu nasoslar ekranning ma’lum qismlarida suyuqlikni puflashi va tushirishi mumkin. Displeyda ko‘tarilgan tugma kerak bo‘lganda, masalan, matn kiritish uchun, suyuqlik mos keladigan qismni to‘ldiradi. Natijada 1,5 mm chiqadigan tugma paydo bo‘ladi.
Har bir bo‘limni bajarish uchun taxminan 1 soniya vaqt ketadi.
Loyihaning maqsadi ikkala kiritish usulining barcha afzalliklarini birlashtirishdir. Jismoniy klaviatura muxlislari ularni matnni ko‘r-ko‘rona yozish mumkinligi uchun yaxshi ko‘radilar, sensorli kiritish esa amaliyroq va qo‘shimcha komponentlarni birlashtirishni talab qilmaydi.
Xullas, amerikalik muhandislar bir vaqtning o‘zida ikkita stulga o‘tirishga harakat qilishdi. Muhandislarning fikricha, texnologiya har qanday OLED paneli bilan mos keladi va barcha mavjud qurilmalarga osongina integratsiya qilinadi. Hozircha Flat Panel Haptics prototip bosqichida va tijorat maqsadlarida foydalanish uchun mavjud emas.
Xitoylik qiz robotni nega kaltakladi?

Aytishlaricha, voqea Xitoy shifoxonasi foyesida sodir bo‘lgan. Lekin yordamchi robot bilan jang uzoq davom etmadi.
Yaqinda Xitoyning Wyeibo ijtimoiy tarmog‘ida Syuchjou tibbiyot universiteti (Xitoy) shifoxonasida g‘azablangan bemorning videosi paydo bo‘ldi. Videoda qo‘lida tayoq ushlagan ayol robot yordamchisini kaltaklayotganini ko‘rish mumkin.
Kadrlar tez fursatda internetda tarqalib ketdi. Ular boshqa platformalarda, ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlarda nashr etila boshlandi.
Bemorning achchiqlanishiga nima sabab bo‘lgani noma’lum. Ehtimol, robot uzoq vaqt davomida ayolning savollariga javob bermagan va u unga saboq berib qo‘ymoqchi bo‘lgandir. Natijada robot shafqatsizlarcha kaltak yedi: monitor va korpus shikastlangan, ko‘plab parchalar yon tomonga uchib ketgan.
Kasalxona xodimlari politsiyani chaqirishga majbur bo‘lishgan. Guvohlarning fikricha, ayolning ruhiy xastaligi tutgan bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha bu faqat taxmin, deydi voqea guvohlari.
Kelajak motosi rangini va shaklini o‘zgartiradi

Transformatsiya tashqi stimullarga – issiqlik va elektr energiyasiga javoban sodir bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, rivojlanish turli sohalarda, jumladan, virtual haqiqat va robototexnika sohasida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Vaterlou universiteti olimlari bir vaqtning o‘zida shakli va rangini o‘zgartira oladigan aqlli matoni namoyish qilishdi. U bir nechta bardoshli tuzilmalarni o‘zaro bog‘lash orqali yaratilgan. Bu unga kuchli, egiluvchan, ammo teginish uchun yumshoq bo‘lishiga imkon beradi, deb yozadi New Atlas.
Matoning xususiyatlari borasida.
Agar siz fen mashinasi yoki boshqa qurilma bilan qizdirsangiz, u binafsha rangdan ko‘k rangga o‘zgaradi. Asosiy qoida – 20 ° C dan 60 ° C gacha bo‘lgan harorat oralig‘ini ushlash. Aks holda, "sehr" sodir bo‘lmaydi.
Mato soviganida, u asl binafsha rangga qaytadi. Hozircha bu variant faqat ikkita rangni o‘zida namoyon qiladi, ammo keyinchalik palitrani kengaytirish mumkin.
Rivojlanishning yana bir xususiyati – shakl o‘zgarishi. Elektr impulslari ta’sirida to‘qimalar to‘g‘rilanadi yoki aksincha, qisqaradi. U yumshoqroq va moslashuvchan bo‘lishi mumkin yoki u shunchalik qattiq bo‘lib qoladiki, uni egish qiyin bo‘ladi.
Mato an’anaviy dastgohga o‘xshash qurilma yordamida to‘qilgan. Amaldagi materiallar polietilen tereftalat (PET) va zanglamaydigan po‘latdan yasalgan tolalarning aralashtirilgan iplari bilan termokromik mikrokapsulalar (TMC) edi. Ikkinchisi unga elektr xususiyatlarini berdi, PET esa shakl xotirasini ta’minladi.
Iqtisodiy samaradorlikni hisobga olgan holda – ishlatilgan polimerlar qayta ishlangan plastmassadan edi – tadqiqotchilar yangi aqlli matolarida katta va’dalarni ko‘rishmoqda.
Eng keksa daraxt Chilida topildi

Rekord yangilandi, Janubiy Amerikada barcha keksa daraxtlarning “keksa bobosi” topildi. Bu eramizdan oldin o‘sgan ulkan sarv daraxti ekan.
Chili janubida, Los-Rios mintaqasida dunyodagi eng qadimgi daraxt o‘sadi. Hech bo‘lmaganda olimlar shunday deb o‘ylashmoqda. Taxminlarga ko‘ra, keksalarning keksasi deb atalayotgan “chol”ning yoshi 5000 dan oshgan.
Daraxt birinchi marta 1972 yilda kashf etilgan, ammo faqat 2020 yilda o‘rganila boshlandi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, "keksa daraxt" Patagoniya sarv turiga tegishli bo‘lib, bu Janubiy Amerikadagi eng katta daraxt turi ekan.
Topilgan rekordchiga Buyuk bobo nomi berildi. Uning diametri 4 metrdan ortiq, balandligi esa 28 metrni tashkil qiladi. Olimlar sarvning tashqi qismidan namunalar yig‘ib, ularning yoshi taxminan 2400 yil ekanligini aniqladilar.
Hozir olimlar daraxtning “yadrosi” va ildizlarini o‘rganishmoqda. 80 foiz ehtimol bilan bu daraxtning yoshi 5000 yildan oshgani aytilmoqda.
Yer yuzida bunday qadimiy daraxtlarni deyarli topa olmaysiz. XIX-XX-asrlarda bu tur uylar va kemalar qurish uchun deyarli yo‘q qilingan.
Olimlarning ishonchi komilki, topilgan daraxt tez orada avvalgi rekordchi Metuselah o‘rnini egallaydi. Methuselah – Kaliforniyada topilgan 4850 yoshli qarag‘ay. Hozircha Metuselah rasman dunyodagi eng qadimgi daraxt sifatida tan olingan, ammo yaqin kunlarda ushbu maqom Chilida topilgan Sarv daraxtiga o‘tsa ajab emas.
Xitoy 1,4 milliardlik aholisi uchun oziq-ovqat xavfsizligini g‘amlab qo‘ygan

Xitoy hukumati mamlakatdagi 1,4 milliarddan ortiq aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlamoqda va ularning zarur hajmdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlanishiga ishonch bildirmoqda. Bu haqda yaqinda Xitoy Xalq Respublikasi oziq-ovqat va moddiy resurslar davlat boshqarmasi boshlig‘i Kon Lyan ma’lum qildi.
“Bizda poydevor, shart-sharoit va salohiyat bor va biz 1,4 milliarddan ortiq xitoylik uchun “bir kosa guruch”ni doimo mahkam ushlab turishimizga ishonchimiz komil”, – dedi u matbuot anjumanida.
Biz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarini izchil saqlab kelmoqdamiz, sotsialistik davlatni har tomonlama modernizatsiya qilish uchun ishonchli kafolat beramiz.
Bo‘lim boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida Xitoyda har yili 650 million tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. “O‘zimizni oziq-ovqat bilan 100 foizga, g‘alla bilan 95 foizga ta’minlaymiz”, – deya qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda o‘rtacha bir kishi yiliga 480 kg oziq-ovqat iste’mol qiladi, bu xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi standartidan 20 foizga yuqori.
Mikroblar past haroratlarda plastmassani parchalashi aniqlandi

Alp tog‘lari va Arktikada past haroratlarda plastmassani yutib yuborishi mumkin bo‘lgan mikroblar topildi. Bu poligonlarda to‘planib, jahon okeanlarini bulg‘ayotgan plastik chiqindilarni utilizatsiya qilish bilan bog‘liq katta muammoning yechimi bo‘lishi mumkin.
30 darajadan yuqori haroratlarda plastmassani parchalash qobiliyatiga ega bakteriyalar allaqachon ma’lum bo‘lgan. Lekin ularni sanoatda qo‘llash uchun juda ko‘p energiya kerak bo‘ladi, bu esa qimmatga tushadi va atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishiga olib keladi.
Shveysariyaning WSL Federal instituti olimlari plastikni 15 daraja Selsiyda parchalashi mumkin bo‘lgan mikroorganizmlarni aniqladilar, bu esa qayta ishlash uchun inqilobiy yechim bo‘lishi mumkin.
Biolog Joyel Ryuti va uning hamkasblari Grenlandiya, Svalbard arxipelagi va Shveysariya Alp tog‘larida bir yil davomida yer yuzasida yoki yerda yotgan plastmassa bo‘laklarini kuzatdilar. Bir yil kuzatuvdan so‘ng olimlar ushbu plastmassadagi 34 turdagi mikroblardan namunalar to‘plashdi. Ularning 19 tasi bakteriya va 15 tasi zamburug‘. So‘ngra ular bu mikroblarni laboratoriyaga 15 daraja haroratda joylashtirishdi va u yerda shtammlarni bir necha turdagi plastmassalarda: poliyetilen (PE – biologik parchalanmaydigan) va biologik parchalanadigan poliyester-poliuretan (PUR), polibutilenni parchalashi mumkinmi yoki yo‘qligini aniqlash uchun tajriba o‘tkazishdan oldin o‘sishiga ruxsat berishdi. Ushbu tajribada mikroblarning hech biri polietilenga, hatto uning yuzasida 126 kun o‘sgandan keyin ham ta’sir qila olmadi.
Olimlar mikroblarni faqat bitta haroratda sinab ko‘rishdi va ularni amalda qo‘llash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar olib borish zarurligini ta’kidlashmoqda. Bu esa mikrob navlari va chiqindining parchalanishi uchun haroratning optimal nisbatini ochib beradi, deydi ular.
Internet xabarlari asosida S.Rahimov tayyorladi,
O‘zA