Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan va siyosatdagi ayollar hamkorligi – taraqqiyotga zamin
11:01 / 2026-02-19

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Qonunchilikni takomillashtirishda ilmiy jamoatchilik bilan hamkorlik istiqbollari” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda xotin-qizlarning ilmiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini ta’minlash hamda innovatsion taraqqiyot jarayonlaridagi o‘rnini mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, milliy qadriyatlar, zamonaviy bilim va ilmiy tafakkur uyg‘unligiga asoslangan taraqqiyot modelini qaror toptirish partiyaning dasturiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, partiya ilm-fan va siyosat o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, olima ayollarni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga keng jalb etish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini O‘zbekiston taraqqiyoti, manfaatlari hamda xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga, jamiyat va davlat boshqaruvi jarayonlariga faol jalb etishga alohida e’tibor qaratib keladi.  

Qayd etilganidek, bugun 809 ming nafar partiya a’zolaridan 481 nafari fan doktori, salkam mingga yaqini fan nomzodlari hisoblanadi. Partiyadan saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 11 nafari, ya’ni salkam 40 foizi ilmiy darajaga ega. Mahalliy Kengashlarda bu raqam 149 nafarni tashkil etadi. Ushbu salohiyatdan samarali foydalangan holda jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shish muhim ekanligi ta’kidlandi.  

Tadbirda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandumda olima ayollar, ilm-fan va ta’lim sohasiga oid muammolarni deputatlik so‘rovlari orqali davlat organlariga taqdim etish, “Olima” uyushmasining ekspertlik xulosalari asosida qonun loyihalariga taklif va qo‘shimchalar kiritish, xotin-qizlarning ilm-fandagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan parlament eshituvlari va davra suhbatlarini tashkil etish nazarda tutilgan.  

Shuningdek, olima ayollar nomzodini partiya zaxirasiga, Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, ekspert kengashlari, jamoat komissiyalariga nomzod sifatida ilgari surishga oid bir qator vazifalar belgilandi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA