Buxoro davlat universitetida “Bereket Kimyo Agro” MCHJ QK ta’sischisi Omer Manap hamda kompaniya rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rektori Obidjon Hamidov boshchiligidagi rahbariyat ham ishtirok etdi.
“Bereket Kimyo Agro” – mineral o‘g‘itlar, biopreparatlar va biohasharotlar ishlab chiqarishda yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uchrashuvda ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar olib borish hamda xalqaro loyihalarda birgalikda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, universitet kafedralari filiallarini korxona bazasida ochish, qo‘shma ilmiy natijalarni tijoratlashtirish, talabalar amaliyotini yo‘lga qo‘yish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish va fermerlar uchun o‘quv-ilmiy markaz tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv ham imzolandi.
Uchrashuvda Omer Manap so‘zga chiqib, so‘nggi besh yil ichida kompaniya faoliyatida sezilarli yutuqlar qayd etilganini, mahsulot turlari va ko‘lami yildan yilga kengayayotganini ta’kidladi. Shuningdek, universitet olimlari bilan qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va yangi ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi. “Bereket Kimyo Agro” MCHJ QK direktori Zamirbek Ulug‘ov esa korxonaning kimyo, biologiya va agronomiya yo‘nalishida malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori ekanini, universitet bilan bevosita hamkorlik orqali kadrlar tayyorlash jarayonida faol ishtirok etishdan mamnunligini bildirdi.
[gallery-24851]
Shu kuni universitet rahbariyati va kompaniya vakillari korxona laboratoriyasi hamda universitet issiqxona majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga zamonaviy uskunalar, yangi texnologiyalar va olib borilayotgan ilmiy izlanishlar amaliy namoyish etildi. Bu hamkorlik ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlab, hudud iqtisodiyoti, ekologik barqarorlik va malakali kadrlar tayyorlash jarayonini yangi bosqichga olib chiqadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.