Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi
19:34 / 2022-10-28

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi “Uzbekistan GTL” zavodi ma’muriy binosida “Ta’lim-ishlab chiqarish klasterida yoshlarning o‘rni” mavzusida Respublika ilmiy-texnikaviy anjumani ish boshladi.

Mazkur anjuman Prezidentimizning joriy yil 7 iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda “O‘zbekneftgaz” AJ Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasteri faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Respublikaning 15 dan ziyod oliy ta’lim va ilmiy tekshirish institutlaridan 100 dan ortiq yosh olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Anjumanda so‘zga chiqqan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, mazkur sohada ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq qilish eng asosiy vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

– bugungi anjumanning maqsadi – neft va gaz sohasida har uch tomon, ya’ni Hukumat, ta’lim, ilm-fan sohasi va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, neft va gaz ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalar bilan tanishish, shuningdek, boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish uchun yagona maydon yaratishdir, – dedi “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi maslahatchisi Elyorbek Saidaxmedov. – Yuqorida qayd etilgan qarorda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” jamiyatining 3 ta ishlab chiqarish korxonalari, 6 ta ta’lim tashkiloti va 4 ta ilmiy-tadqiqot va malaka oshirish muassasalaridan iborat Neft va gaz sohasidagi ta’lim-ishlab chiqarish klasteri tashkil etildi. Oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayonlariga ishlab chiqarish korxonalarining 20 nafar malakali va tajribali mutaxassislari jalb qilindi, 1318 nafar talaba hamda 48 nafar professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot va stajirovka o‘tishi tashkil etildi, 27 nafar iqtidorli talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalarining stipendiyalari joriy etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarish korxonalarining 24 nafar xodimiga bakalavriat va 6 nafar xodimiga magistraturada o‘qish uchun tavsiyanoma berildi. Shartnoma to‘lovlari ishlab chiqarish korxonalari tomonidan to‘lab berildi. Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga tegishli bo‘lgan Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi “UNG training” korxonasi tasarrufiga o‘tkazildi va “O‘zbekneftgaz” AJ mablag‘lari hisobidan o‘quv markazi binosini to‘liq rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy talablar asosida jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

[gallery-9327]

O‘quv markazining ta’lim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan Rossiya Federatsiyasining I.M.Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti hamda Kogalыm politexnika texnikumi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tashabbusi bilan anjumanda qatnashayotgan yosh olimlarni rag‘batlantirish maqsadida uchta nominatsiya bo‘yicha “Eng yaxshi amaliy loyiha”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha” va “Eng yaxshi yosh olim” yo‘nalishlari bo‘yicha hamda seksiyalar g‘oliblarini aniqlash yuzasidan tanlovlar o‘tkazildi. G‘olib va sovrindorlarga mukofot va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Anjuman kun tartibiga ko‘ra, 27 oktyabr kuni tanlov natijalari hamda “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan talaba yoshlarni yuqori salohiyat va istiqbolga ega bo‘lgan mutaxassis etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagog xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida birinchi bor o‘tkazilayotgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimlari o‘tkazildi.

– Ochig‘i kutmagan edim taqdirlanishimni, – deydi QarMII “Texnologik mashinalar va jihozlar” kafedrasi mudiri Firdavsiy Bo‘ronov. – Bugun neft-gaz korxonalarida faoliyat yuritayotgan sobiq talabalarimiz bizga shunday baho berishibdi. Faxrlanib ketdim. Chunki bu tanlov neft-gaz sohasida ishlayotgan yosh xodimlar o‘rtasida so‘rovnoma tarzida o‘tkazilibdi.

Bundan tashqari, Anjuman dasturidan o‘rin olgan yalpi yig‘ilish va 4 ta sho‘’ba yig‘ilishida “Geologiya-qidiruv ishlari va neft-gaz konlarini ishlatishdagi innovatsiyalar”, “Neft va gazni qayta ishlash bo‘yicha innovatsion tadqiqotlar”, “Neft va gaz kompleksida barqaror rivojlanish (ESG) tizimini takomillashtirish” va “Neft va gaz sohasida raqamlashtirish tizimini takomillashtirish” mavzulari bo‘yicha yosh olimlar va ekspertlar o‘zaro tajriba almashishadi.

Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun “Uzbekistan GTL” korxonasining ishlab chiqarish jarayonlari hamda zamonaviy kimyoviy laboratoriyasi moddiy texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirish uchun ekskursiya tashkil etilishi mo‘ljallangan.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.