Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan va innovatsiya: 30 yillik taraqqiyot yo‘li (+video)
15:14 / 2025-09-27

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida (avvalgi Navoiy davlat konchilik instituti) mazkur oliy ta’lim muassasasi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan VI xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.

“30 yillik tajriba – 30 yillik innovatsiya” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur anjuman “Zarafshon vohasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzusini qamrab oldi.

Unda Turkiya, Rossiya, Germaniya, Vengriya, Xitoy, Malayziya Qozog‘iston kabi 10 dan ortiq mamlakatning yetakchi universitetlaridan 50 nafarga yaqin taniqli olimlar va xorijiy kompaniyalarning vakillari bilan bir qatorda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

Dastlab universitet olimlari tomonidan erishilayotgan yutuqlar e’tirof etilib, ularga minnatdorchilik bildirildi. Jumladan, yaqinda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Metallurgiya” kafedrasi professori Xayrullo Hamidov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan bo‘lsa, muhandislik ko‘rik tanlovida ishtirok etgan “Agronomiya” kafedrasi dotsenti Asliddin Shodiyev “Eng yaxshi ixtiro” yo‘nalishida 1-o‘ringa hamda “Prezident sovg‘asi” BYD avtomobiliga, “Noyob va radioaktiv metalllar rudalarini qazib olish va qayta ishlash” kafedrasi katta o‘qituvchisi Suhrob Hamidov “Eng yaxshi loyiha” yo‘nalishida 2-o‘ringa sazovor bo‘lgan edi. Shuningdek, universitet qoshidagi akademik litseyining 19 nafar o‘quvchisi 2025-2026 o‘quv yilida eng yuqori ball bilan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. 

[gallery-25470]

– Konferensiya doirasida mavjud muammolarning ilmiy yechimlari va ularni sanoat korxonalariga joriy etish mexanizmlari muhokama qilindi, – deydi Asliddin Shodiyev. – Bunday tadbirlar biz kabi yoshlarni ilm yo‘liga qiziqtirish, ilmiy izlanishlarni davom ettirish va sohadagi yangiliklarga hissa qo‘shishga ilhomlantiradi. Yaqinda o‘tkazilgan muhandislik tanlovida professor-o‘qituvchilar toifasida 1-o‘rinni egalladim. Taqdim etgan ixtiroim orqali Navoiy viloyatida, hatto respublika miqyosida ham chiqindilarni qayta ishlash hisobiga atrof-muhitni muhofaza qilish va yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish imkoniyati yaratiladi.

Ma’lumki, Zarafshon vohasi yirik industrial va madaniy markaz hisoblanib, mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Bu hudud nafaqat kon-metallurgiya, kimyo, energetika, mashinasozlik va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi yetakchi sanoat korxonalari, balki o‘zining yer osti boyliklari bilan ham mashhur sanaladi. 

Shu bois vohada sanoatni jadal rivojlantirish, ishlab chiqarishga innovatsion ishlanmalarni keng qo‘llash, mintaqa muammolarini hal etishda fan, ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. 

Konferensiyada xorij va O‘zbekiston olimlarining fundamental hamda amaliy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar borasidagi yutuqlari, fan va texnikaning dolzarb muammolari muhokama qilinib, Zarafshon vohasida ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar haqida so‘z yuritildi. 

Konferensiya doirasida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. 

– Men Malayziyaning Kelantan universitetidan tashrif buyurdim, – deydi doktor Abdul Hafiz Yusuf. – Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlik qilib kelamiz. Yaqinda memorandum imzoladik va shu asosida qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilyapti. Universitetlarimizning bu yaqin hamkorligi, aslida davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning muhim bo‘lagi sanaladi. Bugungi konferensiya o‘zaro tajriba almashishda turli davlatlardan kelgan olimlar uchun samarali platforma vazifasini o‘tamoqda. 

Anjumanda ishtirokchilar sho‘’balarga bo‘lingan holda geologiya, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, kimyoviy texnologiyalar, mashinasozlik, energetika, muqobil energiya manbalari va istiqbollari, qishloq xo‘jaligi, ekologiya kabi tarmoq hamda sohalar faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar qildi. Shuningdek,  universitet hududida tashkil etilgan olimlarning ixtiro va amaliy ishlanmalari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hdksEQ9vsT4" title="Ilm-fan va innovatsiya: 30 yillik taraqqiyot yo‘li" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat+video), O‘zA muxbirlari