Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar rivojlanishida xotin-qizlarning o‘rni
15:47 / 2024-02-09

Navoiy davlat pedagogika institutida 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Jamiyatda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar barqaror rivojlanishida xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli foydalanishiga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to‘g‘risidagi rezolyutsiyada 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni deb e’lon qilingan.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining teng yarmidan ko‘prog‘ini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi va boshqa faoliyatlar bilan shug‘ulllanishi uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. 

Tadbirda yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, olima ayollarning ilm-fan rivojlanishidagi o‘rni, ularining yutuqlari va natijalari haqida so‘z yuritildi. 

– Bugungi kunda davlatimiz tomonidan olimlarga, ilm-fan ahliga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova. – Xotin-qizlarimiz boshqa yo‘nalishlar qatori fan cho‘qqilarini ham zabt etib kelishmoqda. Ular Vatanimizning ta’lim va ilm-fan sohasi rivojiga salmoqli ulush qo‘shmoqdalar. O‘z navbatida davlatimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, bu ularning to‘laqonli bilim olishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 iyuldagi “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Shuningdek, Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakti to‘liq davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda. 

Konferensiyada ta’kidlanganidek, olima ayollarning respublika va xorijiy mamlakatlarda erishgan salmoqli natijalarini ommalashtirish, bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda xotin-qizlarni fan va ta’limga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, “Ustoz-shogird” tizimini yanada takomillashtirish, ayollar va yosh qizlarning salohiyatini ilmiy-innovatsion faoliyatga yo‘naltirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish, talaba-qizlarning bepul kasb-hunar egallashi uchun sharoit yaratib berish, ularning madaniy-ma’rifiy, siyosiy va iqtisodiy faoliyatidagi nufuzini yanada oshirish ham har qachongidanda muhim vazifalardan biriga aylangan.

– Zamonaviy hayotni bugun ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Jahonning yetakchi davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Negaki, mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liqdir, – deydi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Gulsanam Norova. – Mamlakatimizda 2019 yilning oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatga intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish singari vazifalar asos qilib olindi. Unda oliy o‘quv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, xalqaro e’tirofga erishish hamda boshqa ko‘plab aniq yo‘nalishlar belgilab berilgan. Bularning barchasi ta’lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun xizmat qiladi.
Tadbir o‘zaro bahs-munozaralar, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri