Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan, ta’lim sohasida O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining yangi davri
16:09 / 2024-01-24

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi munosabat yildan yilga rivojlanib bormoqda. Bu aloqalar mamlakatimiz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan XXR ta’lim vazirligi imzolagan “Oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida”gi bitimga asoslanadi. Toshkent va Samarqand shaharlarida Konfutsiy institutini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma ham mazkur hamkorlikning asosiy hujjatlaridan hisoblanadi.

Ayni jarayonda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti muhim o‘rin egallaydi. Mazkur bilim dargohida mamlakatimiz sharqshunoslik ta’limi ilk davridan boshlab xitoy tili asosiy sharq tili sifatida o‘qitib kelinadi. Bu yerda xitoy tilini chuqur egallagan yuqori malakali kadrlar xitoy filologiyasi, tarjimashunoslik, jurnalistika, gid hamrohligi, turizm, tarix, xalqaro munosabatlar, xitoy iqtisodiyoti va siyosati ixtisosliklari bo‘yicha mutaxassis tayyorlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, 2014 yil TDSHUda Xitoyshunoslik fakulteti tashkil etilib, hozir qariyb 800 nafar yosh xitoy tili mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olmoqda. Shuningdek, unversitetda O‘zbek – Xitoy ilmiy markazi, Gansu – YUNESKO, Lanjou unversiteti madaniyat almashinuv, Shanxay unversiteti ijodkorlik markazlari faoliyat yurityapti. Markazlarda xitoy tili, yozuvi, tarixi va tarixshunosligi, adabiyoti, siyosati, iqtisoditiyoti, ushbu mamlakatning xalqaro munosabatlardagi o‘rniga oid tadqiqot olib borilmoqda.

TDSHU va universitet huzuridagi Konfutsiy nomli o‘zbek-xitoy instituti hamkorligida har yili an’anaviy tarzda “O‘zbekiston – Xitoy: tarixiy-madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalar rivoji” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Anjumanda tilshunoslik, tarix, falsafa va madaniyat, tarjimashunoslik, adabiyotshunoslik va manbashunoslik, iqtisodiyot sohalaridagi munosabat masalalari muntazam muhokama qilib kelinmoqda.

– 2023 yil Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Xitoyning yetakchi universitetlari hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, – deydi kafedra mudiri, dotsent Nargiza Ismatullayeva. – Yil davomida ilm maskaniga bu yurtdan o‘nga yaqin rasmiy delegatsiya tashrif buyurdi. Universitet va XXR oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida imzolangan memorandum, bitimlar 17 taga yetdi. 50 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi, talabalar Xitoyda o‘qish, malaka oshirishga yuborildi. Xususan, 2024 yil 2-16 yanvar kunlari TDSHU professor-o‘qituvchilari va universitet qoshidagi akademik litsey o‘qituvchilari Xinjian pedagogika universitetida maxsus ikki haftalik qayta tayyorlash kursida malaka oshirdi.

Davlatimiz rahbarining Xitoyga navbatdagi tashrifi davomida yana ko‘plab hamkorlik bitimlari, shartnoma va muhim hujjatlar imzolanishi kutilyapti. Xususan, O‘zbekiston – Xitoy ta’lim forumi doirasida TDSHU yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasini yanada kengaytirib, to‘rtta muhim hujjat – Shansi pedagogika, Gansu siyosatshunoslik va huquq hamda Lanchjou universitetlari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda o‘rtasidagi hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

Shuningdek, Pekin til va madaniyat universiteti bilan talabalar almashinuvi bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirildi.

Bu sa’y-harakatlar davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash barobarida ikki davlat yoshlari bilimi va tajribasini oshirish, zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA