Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan, taʼlim-tarbiya fidoyilarini tarbiyalash bosh maqsadimiz
19:13 / 2020-09-29

Bundan uch yil muqaddam davlatimiz rahbari gʻoyasi bilan janubdagi vohada nafaqat malakali pedagoglar balki, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarning boshqa sohalari uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash yoʻlida tub burilishlar davri boʻldi.


Mamlakatimizda oʻqituvchi-kadrlar tayyorlashda boy tajribaga ega Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali tashkil etilgani ham keyingi yillarda taʼlim, fan sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va yoshlarga koʻrsatilayotgan beqiyos eʼtiborning yorqin ifodasidir.

Yaqin oʻtmishda Surxondaryo viloyatdagi umumtaʼlim hamda maktabgacha taʼlim muassasalarining malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyoji joylarda jiddiy muammolarni uygʻotgani sir emas. Albatta, voha markazidagi birgina Termiz davlat universitetida oliy maʼlumotli oʻqituvchilar tayyorlangani, sohaga qiziqish bildirgan yoshlarning aksariyati masofa uzoqligi yoki moddiy taʼminot sababli Vatanimiz poytaxti va boshqa hududlardagi oliy taʼlim muassasalarida oʻqish imkoniyatiga ega boʻlmagani uchun mustaqillik yillari bu muammo paydo boʻldi. Garchand oʻz davrida bu masala keng jamoatchilik va mahalliy davlat organlari tomonidan koʻtarib chiqilsa ham, oʻz yechimini topmay keldi.

Bundan uch yil muqaddam davlatimiz rahbari gʻoyasi bilan janubdagi vohada nafaqat malakali pedagoglar balki, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarning boshqa sohalari uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash yoʻlida tub burilishlar davri boʻldi. Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan viloyatda eng nufuzli 5 ta universitet, jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali, Termiz davlat universitetining esa Denov filiali tashkil etilib, vazifalari belgilab berildi. 

Shunga muvofiq, filialimiz zimmasiga viloyatda koʻproq ehtiyoj sezilayotgan fan oʻqituvchilari va maktabgacha taʼlim muassasalari uchun yetuk kadrlar tayyorlashdek sharafli ish yuklandi. Bu jarayonda talabalar kontingentini shakllantirish uchun viloyat xalq taʼlimi hamda maktabgacha taʼlim boshqarmalarining hududlar hamda taʼlim muassasalarida fan yoʻnalishlarida pedagogik kadrlarga boʻlgan ehtiyoj aniqlanib, qabul yoʻnalishlari belgilab olindi. Bunda faoliyat yuritayotgan oʻrta maxsus maʼlumotlilar uchun maxsus sirtqi boʻlim, mavjud qoʻshimcha ehtiyojni eʼtiborga olgan holda kunduzgi boʻlim qabul kvotalari joriy etildi. 
4.JPG

Qabulni rejalashtirishda maktabgacha taʼlimga ehtiyojning ortib borishi, shuningdek, boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining deyarli 50 foizi oʻrta maxsus maʼlumot bilan ishlayotgani eʼtiborga olindi. Dastlabki qabulda oʻsha yili oliy taʼlim muassasalariga test sinovlarini topshirib, belgilangan toʻlov-kontrakt kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etilmagan va qabul qilinmagan mos taʼlim yoʻnalishlari abituriyentlari hisobidan hududlar kesimida taʼlim muassasalari ehtiyojini inobatga olgan holda 520 abituriyent oʻqishga qabul qilindi. 

Termiz shahri, Termiz, Angor, Sherobod, Muzrabot, Qiziriq, Boysun va Jarqoʻrgʻon tumanlaridan boʻlgan yigit-qizlar uchun matematika oʻqitish metodikasi, informatika oʻqitish metodikasi, rus tili va adabiyoti, boshlangʻich taʼlim va maktabgacha taʼlim yoʻnalishlarida kunduzgi, shuningdek, boshlangʻich taʼlim va maktabgacha taʼlim yoʻnalishlariga maxsus sirtqi boʻlimlarga qabul toʻlov kontrakt asosida amalga oshirildi. Endilikda ular bitiruvchi kurs talabalari boʻldi.

Sayyoramizda globallashuv jarayonlari kechayotgan hozirgi paytda dunyo yangilanishlar silsilasi bilan yashamoqda. Jamiyat oʻzgarib borayotir. Ilm-fan izchil rivojlanmoqda. Agar bundan uch yil muqaddam mazkur oliy oʻquv dargohi tashkil etilmaganida kelgusida joylardagi maktablarda pedagog kadrlar taqchilligi yana-da kengayib, taʼlim sifati pasayib ketishi ehtimoldan xoli emas edi. Shu maʼnoda bunday dadil odimning tashlanishi kelajak uchun mustahkam poydevor boʻldi. Buyuk mutafakkir Behbudiy aytganlaridek, “dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur”. Zero, bundan bir asr oldin aytilgan bu gap hali ham oʻz ahamiyatini, qadr-qimmatini yoʻqotgani yoʻq.

Xoʻsh, taʼlim muassasamizda yoshlarni Yangi Oʻzbekistonga munosib kadrlar etib tarbiyalash uchun qanday sharoit yaratilgan?

3.jpg

Dastlab aytish lozimki, salobatli oʻquv binosiga ega taʼlim dargohimizda ikki mingga yaqin boʻlajak pedagogga yuzdan ortiq professor-oʻqituvchi saboq bermoqda. Ularning puxta taʼlim olishi, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi uchun barcha qulaylik mavjud.

Dunyoga chang solgan hozirgi pandemiya sharoitida onlayn tahsil olayotgan talabalarimiz “Elektron jurnal”, “Elektron hujjat almashish ”, “Elekron dars jadvali”, “Elekton kutubxona” tizimlari boʻyicha innovatsion texnologiyalardan keng foydalanib, darslarni chuqur oʻzlashtirishga intilmoqda. Shuningdek, filialimizda yosh olimlar kengashi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, mustaqil tadqiqotchi sifatida ilmiy izlanish olib borayotgan boʻlajak professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va iqtidorli talabalar har taraflama qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Taʼlim muassasamiz tashkil etilganida jamoamizga chuqur bilimli va yetuk malakaga ega mutaxassislar tayyorlash yuzasidan katta ishonch bildirilgan edi. Ayni paytda shu ishonch tuygʻusi bizni yana-da koʻproq izlanib, mehnat qilishga, zamonaviy taʼlim uslublarini amalda keng joriy etishga undamoqda.

Aslida ilm-fan, taʼlim-tarbiya jonkuyarlikni, fidoyilikni talab etadi. Ana shu fazilatlarga ega inson oʻqituvchilik kasbini tanlaydi. Ustoz, degan sharafli nomni eʼzozlaydi. Fursatdan foydalanib, yurtimiz taʼlim muassasalarida kelajagimiz egalariga ilm berayotgan jonkuyar, fidoyi hamkasblarimizni kasb bayramlari bilan tabriklayman. Yurtimizga tinchlik, oʻqituvchi-murabbiylarimizning yosh avlodga sifatli taʼlim-tarbiya berishdek ulugʻ ishlariga omad tilayman.

Qayum BAYMIROV,Nizomiy nomidagi 
Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz filiali direktori.