Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan rivoji yo‘lida muhim qadam
13:05 / 2021-10-16

Ma’lumki, joriy yilning 11 oktyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashish hamda davlat rahbari sifatida bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Saylovchilar bilan uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev QarDU qoshida Abu Muin Nasafiy nomida ilmiy markaz tashkil etilishini ta’kidladi. Ushbu markazda turli davrlarda Nasaf shahrida yashab faoliyat ko‘rsatgan 400 nafardan ziyod islomshunos olimlarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, asarlarini bugungi tilimizda, keng jamoatchilikka tushunarli qilib nashr etish ishlari olib boriladi.

Uchrashuv davomida shuningdek, viloyatdagi mavjud 10 ming o‘rta maxsus ma’lumotli muallimlarga oliygohlarda o‘qish uchun kvota ajratilishi haqida so‘z bordi. Shuningdek, Koson va Shahrisabz pedagogika kollejlari bazasida “Maktabgacha ta’lim klasteri” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunga Qarshi davlat universiteti va Pedagogika instituti bosh-qosh bo‘ladi.

Tashrif davomida davlat rahbari Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi viloyat Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrif buyurdi. Muzey tarixiy bino - Odina masjidiga joylashtirilgan bo‘lib, 11 ta bo‘limdan iborat. Ularda Turkiston o‘lkasida olib borilgan mustamlakachilik siyosati va qatag‘onlarni aks ettiruvchi noyob tarixiy fotosuratlar, xaritalar, ashyolar va boshqa manbalar aks ettirilgan.

Shuningdek, muzeyda yoshlar klubi hamda kutubxona tashkil qilingan. E’tiborlisi, muzey to‘plangan tarixiy manbalar negizida ijtimoiy fanlar yo‘nalishida tahsil oladigan talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish, magistrlar uchun dissertatsiya mavzularini ushbu muzey bo‘limlari bilan bog‘liq holda tanlash va ilmiy faoliyatlarini shu yerning o‘zida olib borish, tadqiqotchilar, yosh olimlar uchun ilmiy seminarlar o‘tkazish maqsadida ilmiy tadqiqot markazi tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qarshi davlat universiteti tomonidan yaratilayotgan sharoitlar zamirida ertamiz egalarini ma’nan va jismonan yetuk insonlar sifatida voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlar mujassamdir.

 

O‘lmas Barotov, O‘zA