Ilm-fan rivojisiz yuksak taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli dunyo mamlakatlarining aksariyati asosiy e’tiborni ilm-fanni rivojlantirishga, ilm-fan orqali ishlab chiqarishni, sanoatni va boshqa tarmoqlarni yuksaltirishga qaratmoqda.
Ma’lumki, joriy yil 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi ishlab chiqilib, ilmiy jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Mazkur hujjat loyihasi borasida Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi direktor o‘rinbosari, texnik fanlar doktori (t.f.d.), professor Farhod Rahimov quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Davlat siyosati uzluksiz ta’lim-tarbiya tizimiga asoslangan, deydi Farhod Rahimov. — Mazkur yo‘nalishni tubdan isloh qilishda innovatsiyalar va yangi texnologiyalarning o‘rni beqiyos. Chunki innovatsiya taraqqiyotga boshlovchi yo‘l, butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham muammolarning teran anglanishi tufayli paydo bo‘lgan, inson intellektual tafakkurida charxlangan g‘oyadan boshlanuvchi ilmiy-tadqiqot, yangi yaratilgan va huquqiy himoyalangan intellektual mulk ob’ekti mahsuli, yangilanish va yuksalishlarni ta’minlovchi kuchdir.
Yuqoridagi hujjat loyihasi ilmiy tashkilotlarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini qayta ko‘rib chiqishni ko‘zda tutadi va ilm-fan hamda innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar, mavjud muammolar va ularni hal etishga yo‘naltirilgan amaldagi boshqaruv tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Sababi, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, bevosita raqobatbardoshlik kuchayishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Mazkur innovatsiyalarning shakllanishi “muammo – ilmiy g‘oya – intellektual mulk ob’ekti – standartlar va innovatsiya” innovatsion eko muhit zanjirining samarali ishlashi asosida quriladi.
Farmon loyihasi yangi mexanizmga qaratilgan bo‘lib, ilmiy tashkilotlarni moliyalashtirish bo‘yicha tartib O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti hisobidan ilm-fan xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida saqlanayotgan va bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilgan ilmiy tashkilotlarning ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish taklif etilmoqda.
Mazkur islohotlar natijasida, davlat rahbari tomonidan 2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi va Innovatsion rivojlanish strategiyasida belgilangan vazifalarning bajarilishi, O‘zbekistonni 2030 yilga kelib Global innovatsion reytingida TOP-50 talikka kirishiga zamin yaratiladi.
Shuningdek, hujjatda yosh olimlarni xorijiy ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil qilishda ham tegishli vazifalar belgilab berilmoqda. Xususan, 2025 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish, o‘tkazish, saralash va moliyalashtirish Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi. Qayd etishim lozimki, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijiy stajirovkaga faqat ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan 35 yoshdan oshmagan xodimlar yuboriladi.
Muhim jihati shundaki, loyihalar bo‘yicha tanlovlar e’lon qilinadi va loyihalar dastlabki ekspertizadan o‘tkaziladi. Tanlovdan muvaffaqqiyatli o‘tgan amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar mahalliy byudjetda ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Farmonda yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida natijadorlikka yo‘naltirilgan ilm-fan va innovatsion faoliyat sohasi boshqaruv tizimini yaratish, ilmiy va innovatsion jarayonlarni bajaruvchi sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash yangi tizimini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, davlat ilmiy dasturlari ijrosini muvofiqlashtirish, shuningdek, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish kabi yo‘nalishlardagi dolzarb muammolarni hal etish zarurati ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, ilmiy tashkilotlarni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar 2025 yil 1 yanvardan boshlab davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va ilm-fan xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida ilmiy-tadqiqot faoliyati Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Ushbu loyiha ilmiy tashkilotlarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini qayta ko‘rib chiqishni ko‘zda tutadi va ilm-fan hamda innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur hujjat ta’lim darajasi va sifatini oshirishda davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Ilm-fan rivoji uchun sarflanadigan mablag‘ esa xarajat emas, balki kelajak kamoloti uchun qo‘yilgan eng samarali sarmoyadir!
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA