Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan poydevori maktablarda mustahkamlanadi
11:49 / 2020-01-29

Shahardagi 7-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda viloyat, shahar va tumanlardan umumta’lim maktablarining tegishli fanlar o‘qituvchilari, pedagogik tajribasi ommalashtirilgan, davlat mukofoti bilan taqdirlangan ilg‘or pedagoglar vakillari ishtirok etdi.


Namangan shahrida maktablarda ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, tarix va huquq fanlarini o‘qitishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish hamda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning o‘qituvchi va o‘quvchilar hayotidagi amaliy ifodasi masalalariga bag‘ishlangan viloyat seminari o‘tkazildi.

Shahardagi 7-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda viloyat, shahar va tumanlardan umumta’lim maktablarining tegishli fanlar o‘qituvchilari, pedagogik tajribasi ommalashtirilgan, davlat mukofoti bilan taqdirlangan ilg‘or pedagoglar vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, uning jamiyat islohotini yangi bosqichga olib chiqishdagi ahamiyati va tizimda mazkur dasturilamalni chuqur o‘qib-o‘rganishni tashkil qilish hamda faoliyatni undan kelib chiqadigan vazifalarni aniq belgilab olgan holda takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi. 

– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish maqsadi ta’kidlandi, – deydi 7-umumta’lim maktabi direktori Valijon Maqsudov. – Albatta, bu oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasini ko‘paytirish bilangina erishiladigan ko‘rsatkich emas. Bu o‘sha ko‘paytirilgan kvotalarga munosib, ya’ni davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor, jo‘shqin yoshlarni tarbiyalab berish umumta’lim tizimi, ya’ni bizning oldimizga qo‘yilgan juda ulkan va mas’uliyatli vazifadir. Demak, biz – o‘qituvchilar ham avvalo o‘z ustimizda ishlashimiz, faoliyatimizni ana shunday yuksak talablarga muvofiq yangi bosqichga ko‘tarishimiz shart.

Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari uchun mazkur ta’lim muassasasi bo‘ylab kichik ekskursiya uyushtirildi. Ular pedagogik jamoa faoliyati, yoshlarning bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

Seminar tashkil etilgan maktab matematika fanini o‘qitishda erishgan yuqori natijalari bilan viloyatdagi yetakchi ta’lim muassasasi sanaladi. 1660 o‘rinli maktabning 78 ta sinf xonasi, sport kompleksida o‘g‘il-qizlarning intellektual va jismoniy kamol topishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ayni paytda bu bilim dargohida 4 ming 200 dan ziyod o‘quvchiga 17 nafar oliy, 52 nafar birinchi, 50 nafar ikkinchi toifali hamda 87 nafar mutaxassis toifasiga ega o‘qituvchilardan iborat pedagogik jamoa ta’lim bermoqda.

Maktab faoliyati bilan tanishuvdan so‘ng seminar ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda ochiq dars mashg‘ulotlari vositasida tajriba almashdi.