Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyaga e’tibor mamlakatning taraqqiyotini kafolatlaydi
18:32 / 2025-08-27

Munosabat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.

Bugun Toshkent shahrida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lb o‘tdi.

Tadbirda davlatimiz rahbari barchani Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Mamlakatimizda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida alohida to‘xtaldi.

Marosimdan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan suhbatlashdik. 

– «Oliy Darajali Imom Buxoriy» ordenini davlatimiz rahbarining qo‘lidan qabul qildik. Buyuk bobomiz nomidagi ushbu ordenni mamlakatimizdagi barcha ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat sohasi xodimlariga hamda diniy ulamolarga berilgan katta mukofot deb bilamiz. Shu o‘rinda mamlakatimizda dinimizga, xalq farovonligiga, yoshlar kamolotiga bo‘layotgan e’tibor haqida qisqacha to‘xtalmoqchiman.

Poytaxtimizda qad rostlagan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazidagi bugungi manzarani ko‘z oldingizga keltiring. Bu qanday dargoh bo‘lishini his qilishning o‘zi kishini to‘lqinlantiradi. Dinimiz sivilizatsiyasining, islom ta’limotining asosi ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadan iboratdir. Bu markazning bosh g‘oyasi ham shudir. Eng muhim tomoni, mamlakatimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda mujassam bo‘lmoqda. Kelgusida bu dargoh bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘radi. Islom tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini yanada teran anglaydi. Bunda xalqimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan tengsiz hissasi namoyon bo‘ladi. 

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari yaqinda Samarqandga bordilar. Tashrif davomida ezgu an’anaga muvofiq, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Ma’lumki, buyuk muhaddis bobomizga butun islom olamida ehtirom juda baland. Uning maqbarasini ziyorat qilish istagida bo‘lganlar juda ko‘p. Shu bois bu dargohda ham shart-sharoitlarni yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borildi. Maqbaraning o‘n ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi qurib bitkazildi. Baland minoralar esa unga mahobat bag‘ishlaydi. Prezidentimiz bu majmua faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini ko‘p ta’kidlaydilar. Buyuk bobomizning bebaho izlanishlari va bilimi bu yerga keluvchilarni hayratga solishi shubhasiz.

Bugun yurtimizda mana shunday xayrli amallar keng quloch yozgan. Bu kabi yangiliklarni yana ko‘p sanash, aniq misollar keltirish mumkin. Ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganar ekanmiz yurtimiz taraqqiy etaveradi. O‘sib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda hikmat ko‘p.

O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.