Motivatsiya!
Mamlakat yoshlari nafaqat bilim olish, balki yangi g‘oyalar yaratish, ilmiy va texnologiyaviy innovatsiyalar orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega. Ayniqsa, innovator yoshlar zamonaviy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtira oladigan, kreativ fikrlaydigan va muammolarni samarali hal etish yo‘llarini izlaydigan avloddir. Ular faqat o‘rganish bilan cheklanmay, balki ilmiy, texnologiya va sanoat sohasida yangi imkoniyatlar ochishga harakat qiladi.
O‘zbekistonda innovatsiyalar milliy ustuvor vazifaga aylanib borayotgan bir paytda, Ulug‘bek Mavlonov kabi mutaxassislar fundamental fan va real iqtisodiyot o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Qahramonimizning fikricha, biotexnologiya faqat hujayralar haqidagi fan emas, balki inson salomatligi va atrof-muhit farovonligi uchun hayotning o‘zini dasturlash texnologiyasidir.
Ulug‘bekning ilmiy yo‘li bolaligidan boshlandi. Maktabda fizika, kimyo va biologiya fanlarini o‘zgacha ishtiyoq bilan o‘zlashtirdi.
U O‘zbekiston Milliy universitetining Biologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlashga muvaffaq bo‘ldi. “Erasmus Mundus” dasturi esa Ulug‘bek uchun jahon ilmiga ochilgan yo‘l bo‘ldi. Fransiyaning Parij-Sakl universiteti va Estoniyaning Tallinn Texnologiya universitetida o‘qish uning fanlar orasidagi yondashuvini mukammallashtirdi. Yevropa ilmida fan va sanoatning uzviy aloqasi Ulug‘bekka o‘z kashfiyotlarini amaliyotda qanday qo‘llashni o‘rgatdi.
Shundan so‘ng, Ulug‘bek Germaniyaning Myunxen shahridagi “Planet A Foods” kompaniyasida gen muhandisligi asosida yangi mahsulotlar yaratish loyihasida faoliyat ko‘rsatdi. U yerda noan’anaviy achitqilarni genetik muhandislik orqali modifikatsiya qilish va ulardan kakao yog‘iga alternativ mahsulotlar ishlab chiqish ustida ish olib bordi. Bu tajriba global ekologik muammolarni hal qilish va akademik bilimlarni real sanoat muammolari bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatini berdi.
Xorijda magistraturani yakunlagan Ulug‘bek o‘z bilimlarini Vatan ravnaqi uchun sarflashga qaror qildi. U Toshkent Vaksina va Zardoblar ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat boshladi. Hozirda u tuberkulyozga qarshi zamonaviy mRNA vaksinalarini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda. Bu texnologiya tezkor, xavfsiz va kelajakda turli kasalliklarga qarshi samarali bo‘lishi mumkin.
Ulug‘bek mikroorganizmlarni fermentatsiya orqali antibiotiklar, vitaminlar va aminokislotalarni mahalliy ishlab chiqish yo‘lida ish boshladi. Bu O‘zbekistonning farmatsevtika sohasidagi mustaqilligini ta’minlaydi va importga qaramlikni kamaytiradi.
Yosh iqtidor sohibi Janubiy Koreya, Vengriya va Singapurdagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining “Horizon Europe” dasturida qatnashib, xalqaro grantlar jalb qilishda ham juda faol. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilm-fan faqat nazariya emas, balki jamiyat hayotiga amaliy ta’sir ko‘rsatadigan asosiy kuchdir.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA