Mamlakatimizda ilm-fan sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Mazkur jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qaror qabul qilingani ilm-fan rivojida yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim hujjat sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 27 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Uni Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov olib bordi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Hilola Umarova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, akademik va olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimiz ilm-fani sohasi oldiga qo‘yilgan muhim strategik maqsadlar hamda Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qaror ijrosining ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, yangi qaror O‘zbekiston ilm-fani rivojida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Unda Fanlar akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan aniq istiqbolli yo‘nalishlar va samarali mexanizmlar belgilab berilgan.
Davlat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni beqiyos ekanini inobatga olgan holda, qarorda ilmiy-tadqiqot muassasalarining salohiyatini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda fan–ta’lim–ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa Fanlar akademiyasi zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Xulosa o‘rnida aytganda, yangi hujjat Fanlar akademiyasi faoliyatini yangi mazmun bilan boyitib, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda yosh olimlar uchun keng imkoniyat yaratishga xizmat qiladi. Muhimi, qaror ijrosi natijasida fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy hamkorlik yanada mustahkamlanib, jarayon mamlakatning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA