Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilk ziyoratchilar yurtimizga qaytib keldi
10:48 / 2025-06-17

Bundan bir oy avval muqaddas safarga otlangan Namangan viloyati ziyoratchilari Haj ziyoratini yorug‘ yuz bilan, mukammal tarzda ado etdilar. Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratayotgan davlat siyosati natijalaridan bahramand bo‘lgan hojilarimiz yurtimizga shukronalik kayfiyatida qaytmoqda.

Namangan xalqaro aeroportida ziyoratchilarni kutib olish uchun barcha shart-sharoitlar hozirlandi. Saudiya Arabistonining Jidda shahridan parvozga ko‘tarilgan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining havo kemasi 245 nafar namanganlik ziyoratchini yurtimizga olib keldi.

Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi yorqinroq ufurib turgan hojilar jamoasini Namangan viloyat hokimligi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va tegishli mas’ul tashkilotlar mutasaddilari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari tantanali  kutib oldi.

Namangan tumanidagi Mullakuding qishlog‘ining piru badavlat nuroniysi, ma’rifatparvar alloma Ishoqxon to‘ra Ibrat avlodining davomchilaridan biri, qariyib ellik yil davomida kommunal xizmat ko‘rsatish idorasida oddiy ishchi bo‘lib halol mehnat qilgan 108 yoshli Ibrohim ota Xo‘jayevning qalb qo‘ridan chiqqan minnatdorlik izhori to‘la duolari barchani mamnun etdi.

E’tirof etish joiz, hojilarimiz muborak zaminda Allohning farzi – Haj amalini chiroyli ado etdi. Mamlakatimiz tomonidan fuqarolarni Haj ziyoratiga tayyorlash, jo‘natish, muqaddas safardagi amallarni bajarish, tibbiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish hamda ona Vatanimizga qaytish bilan bog‘liq jarayonlarda yuksak darajada qulayliklar yaratildi. O‘z navbatida, bu yilgi Haj mavsumi davomida yurtimiz mo‘min-musulmonlariga Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlarida yaratilgan shart-sharoitlarga ko‘plab musulmon davlatlarning havasi keldi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidentining ziyorat davomida muftiy hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, o‘z fuqarolaridan hol so‘ragani xorijiy ommaviy axborot vositalarining nazariga tushdi.

Ziyoratchilarimiz Makkadan sog‘u salomat qaytishgani va yaqinlari diydoriga yetishgani uchun shukrona keltirish asnosida, xalqimiz farovonligi, davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan ishlarni yanada xayrli bo‘lishini so‘rab, duolar qilindi. Endilikda hojilik baxtiga muyassar bo‘lgan hamyurtlarimiz jamiyatda barchaga o‘rnak bo‘lib, yosh o‘g‘il-qizlarni ilmu ma’rifatga chaqirish, odamlarni savobli yumushlarga chorlash, oilalarda sog‘lom axloqiy muhitni qaror toptirish va ehtiyojmand kishilarga yordam qo‘lini cho‘zishda tashabbus ko‘rsatadilar.

– Uzoq yillardan buyon turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda tibbiyot sohasida mehnat qilib kelamiz. Yaratganga shukr, nasibamiz qo‘shilib, ayolim bilan birgalikda Haj ziyoratini bajarish nasib etdi, – deydi Namangan tumanidagi “Erkinjon medical” kolo proktologiya shifoxonasi oliy toifali vrachi Nurullo Ergashev. – Muazzam manzillarda bizga yaratilgan sharoitlar kutganimizdan a’lo darajada bo‘lgani uchun ham amallarni xolis niyatda bekamu ko‘st bajardik. Aslida, hojilik rutbasidanda ko‘ra, shu maqomga bir umr sodiq turish mushkul. Biz Prezidentimizning g‘amxo‘rliklariga javoban, endilikda o‘z hududimizda mahalladoshlar va hamkasblarimizni ezgulikka ergashtirib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, oilalar mustahkamligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shamiz.

Aeroportdagi kutib olish marosimidan so‘ng hojilarning ilk guruhi maxsus biriktirilgan shinam avtobuslarda yashash hududlari – Namangan, Uchqo‘rg‘on va Pop tumanlariga kuzatib qo‘yildi.

Ma’lumot o‘rnida, “Haj-2025” dasturi doirasida Namangan viloyatidan 1648 nafar fuqaro muqaddas amallarni bajardi. Ziyoratchilar shu yilning 24 iyuniga qadar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni aviakompaniyalarining jami 9 ta reysida “Jidda – Namangan” yo‘nalishi bo‘yicha Vatanimizga qaytadilar.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.