O‘zbekiston milliy metrologiya instituti yosh tadqiqotchilarining ilmiy ishlanmalari asosida furgon turkumidagi avtomobil platformasida jamlangan o‘lchash funksiyalariga ega tibbiy texnikani metrologik tekshiruvdan o‘tkazuvchi ilk innovatsion loyiha – mobil metrologiya laboratoriyasi yaratildi.
Metrologiya sohasidagi mobil laboratoriyalar turkumida mobil metrologiya laboratoriyasi o‘ziga xos hisoblanib, xorijiy davlatlarda uning analogi mavjud emas, deyiladi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti matbuot xizmati bergan xabarda.
Loyihani amalga oshirishda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining yosh konstruktorlari, dasturchilari va konstruktorlik byurolari bilan ham hamkorlik qilindi.
Mobil metrologiya laboratoriyasi tibbiyot muassasalarida olib boriladigan tibbiy diagnostik tahlillarning ishonchliligini ta’minlash orqali tibbiy xizmat ko‘rsatishda sifat va muolajalarning samaradorligiga erishish maqsadida tibbiy texnikalarning metrologik tekshiruvini ta’minlab, tibbiy texnikalarning joyida metrologik tekshiruvini o‘tkazishga xizmat qiladi. Laboratoriyada metrologik tekshiruv xulosalarini tezkor rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgan.
Mobil metrologiya laboratoriyasi joriy yilning 20 may sanasida “Salomatlik uchun o‘lchashlar” shiori ostida nishonlanadigan “Xalqaro metrologiya kuni”ga tuhfa sanaladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Laboratoriya metrologik tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan 32 ta tibbiy texnikadan 25 tasining (78 foizi) metrologik tekshiruvini qamrab oladi.
Mobil metrologiya laboratoriyasi namunaviy o‘lchash vositalari, tashkiliy texnika, elektr manbai, konditsioner, avtomatik havo aylanish tizimi, toza suv ta’minoti va reagentlar uchun muzlatkich bilan jihozlangan. Bu laboratoriyada harorat, elektr manbai va toza suv ta’minoti holatini monitoring qilish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan.
O‘zA