Mamlakatimizda 2024 yil 27 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Bugun, 12 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini onlayn tarzda video-translyatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, saylov kampaniyasi davomida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, Andijon va Xorazm viloyatlarida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, saylovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tartibini sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Elektron ovoz berish qurilmalaridan 37 ta xorijiy davlatda (AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Braziliya, Singapur, Avstraliya va b.) foydalanilgan bo‘lib, ular orqali shu kunga qadar 6,5 milliarddan ortiq saylovchilar ovoz berishgan.
Elektron ovoz berish tartibi ovoz berish va saylov natijalarini tezkor aniqlash, ovoz berish jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash, saylov komissiyalarining ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Shunga ko‘ra, majlisda Toshkent shahar hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tartibini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, elektron ovoz berish tartibi sinab ko‘riladigan saylov uchastkalarida saylovchilar ovoz berishning an’anaviy yoki elektron shaklini mustaqil tanlash huquqiga egaligi belgilandi.
Bundan tashqari, elektron ovoz berish qurilmalari orqali byulletenni to‘ldirish tartibi ham komissiya qarori bilan tasdiqlandi.
Shuningdek, majlisda saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini Internet tarmog‘i orqali onlayn translyatsiya qilishni bu yilgi saylovlarda ham qo‘llash masalasi ko‘rib chiqildi.
Internet tarmog‘i orqali onlayn translyatsiya qilish bo‘yicha tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Majlisda qayd etilganidek,, “Ye-saylov” axborot tizimi orqali xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda.
Shu munosabat bilan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, Andijon va Xorazm viloyatlarida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha axborotlar eshitildi. Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA