Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni keng targ‘ib etish, bu jarayonda texnik-amaliy sport turlarini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashabbusi bilan joylarda uyushtirilayotgan ommaviy tadbirlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumani adirliklarida joylashgan “Savanna turizm” kompaniyasi motodrom trassasida motokross bo‘yicha viloyat hokimi kubogi uchun ochiq chempionatning birinchi bosqichi ixlosmandlar soni mutassil oshib borayotganini ko‘rsatdi.
Xalqaro miqyosda ahamiyat kasb etgan ushbu musobaqada mamlakatimizning barcha hududlari hamda qo‘shni Qirg‘iz Respublikasidan kelgan 80 dan ziyod professional va havaskor sportchilar dvigatel hajmi 65, 85, 125, 250, 500, 750 sm./kub hamda “CHZ”, “Xitoy moto”, “Open” va “Veteran” sport mototsikllarida bahslarga kirishdi.

Minglab muxlislarni o‘ziga rom etgan poygalarda marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan Namangan viloyatining Kosonsoy tumani jamoasi bosh sovrin mezbonlarda qolishini ta’minladi. Raqiblaridan qolishmaslikka intilgan to‘raqo‘rg‘onlik poygachilar faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikni esa, Namangan shahri motokross ustalari yakunlab berdi.
G‘oliblar Namangan viloyati hokimligi hamda "Vatanparvar" tashkiloti tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA