So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida xalqaro standartlarga javob beradigan ta’lim berish, talabalarni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘qitish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Butun dunyoda oliy ta’lim muassasalarining reytingini belgilashda ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik, bitiruvchilar va ularning muvaffaqiyatlari hisobga olinadi. Bu mezonlar oliy ta’lim muassasalarini jahon miqyosida solishtirish imkonini beradi.
Buyuk Britaniyaning nufuzli “Times Higher Education” xalqaro reyting tashkiloti “World University Rankings” (Dunyo universitetlari reytingi)-2025 TOP-1000 oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatini e’lon qildi.
Quvonarlisi, ilk bor ushbu reytingda respublikamizning 3 ta oliy ta’lim muassasasi — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 601-800 o‘rinni, O‘zbekiston milliy universiteti 1001-1200, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1501-o‘rinni egalladi.
Bundan tashqari, 48 ta O‘zbekiston oliy ta’lim tashkiloti reportyor (da’vogar) maqomida ro‘yxatga kiritildi, deyiladi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotida.
“THE” hisobotida qayd etilishicha, tadqiqot sifati mezoni tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining ushbu mezondagi natijalari jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ekanligi ta’kidlandi.
Ushbu natija mamlakat ta’lim tizimining rivojlanishini va xalqaro miqyosda tan olinayotganini ko‘rsatadi. Bunday muvaffaqiyatlar, albatta, ta’lim sohasidagi islohotlar va sifatni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning mevasidir.
Ma’lumot uchun, “Times Higher Education” reyting tashkiloti dunyoning 133 davlatining 2 860 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari orasida ularning xalqaro darajadagi akademik nufuzi, ilmiy nashrlar faolligi, iqtiboslik samaradorligi, bilimlar transferi, xalqaro hamkorlik hamda ilm-fan va ijtimoiy soha ravnaqiga qo‘shgan hissasi mezonlari asosida baholab keladi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha O‘zbekistonning 2 ta oliygohi boshqa bir nufuzli reyting QS (QS World University Rankings-2025)ning TOP-1000 taligidan o‘rin egallagan edi.
M.Hojiakbarova, O‘zA