Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilk bor tashkil etilgan golbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati g‘oliblari aniqlandi
13:04 / 2024-04-19

Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida golbol bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida mamlakat chempionati o‘tkazildi.

Unda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 10 jamoa chempionlik uchun kurashdi.  

Golbol 1946-yilda ko‘zi ojiz bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi faxriylarini reabilitatsiya qilish maqsadida joriy etilgan va 1976-yili Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan.1978-yilda Avstriyada golbol bo‘yicha birinchi jahon chempionati o‘tkazilgan.  

Mazkur sport turi uch kishidan iborat jamoa ishtirokida o‘tkaziladi. Har bir jamoaning uch nafar a’zosi raqib darvozasi tomon qo‘ng‘iroqli to‘pni uloqtiradi. To‘pni raqib o‘yinchilari qaytargan holda himoyalanadi va ushlab oladi hamda qarshi hujumga o‘tadi. Shu tariqa jamoalar 10 daqiqadan ikki bo‘lim davomida o‘zaro raqobatlashadi.  

Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu mamlakat chempionati «Toshkent-2025» yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirishda asos bo‘lib xizmat qiladi.  

Ilk bor tashkil etilgan mazkur chempionat finalida Jizzax jamoasi Qoraqalpog‘istonni 8:7 hisobida yengib, shohsupaning birinchi pog‘onasidan joy oldi. Musobaqaning bronza medali uchun o‘tgan kurashda Buxoro 12:11 hisobida Navoiydan ustun keldi.  

Shu tariqa, mamlakat birinchiligi yakunlandi hamda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. 

– Golbol bo‘yicha mamlakatimizda o‘tkazilgan ilk chempionatda g‘olib bo‘lganimizdan xursandmiz, – deydi golbol bo‘yicha murabbiy Nurxon Sangiyeva. – Musobaqaga jiddiy tayyorlandik, bahslar davomida Qashqadaryo jamoasi bilan o‘tgan o‘yin biz uchun juda qiyin bo‘ldi. Shogirdlarim chempionat davomida katta tajriba to‘pladi. Maqsadimiz «Toshkent-2025» Paraosiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish.  

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA