Mamlakatimizda sport sohasi va o‘zbek tili rivoji yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi — ilk bor “O‘zbek tilidagi sport atamalarining izohli lug‘ati” nashr etildi. Lug‘at O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida tayyorlangan.
Lug‘atda O‘zbekistonda ommalashgan 20 ga yaqin sport turiga oid minglab atamalar ilmiy asosda izohlangan. Jumladan, futbol, shaxmat, boks, taekvondo, karate, badiiy gimnastika, qilichbozlik, yengil va og‘ir atletika, ot sporti kabi sohalar qamrab olingan.
Ta’kidlash joizki, mazkur lug‘at o‘zbek tilida sport atamalarining tizimlashgan, ilmiy asoslangan va aniq izohlangan birinchi mukammal nashri sanaladi. Unda nafaqat sport, balki sport tarixiga oid atamalar, sport anjomlari, federatsiya va tashkilotlar nomlari ham qamrab olingan.

Ushbu lug‘atning yaratilishi Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosining amaliy ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, 2022 yil 3 noyabrda qabul qilingan "Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni talablari asosida sport sohasida lingvistik axborot bazasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ushbu lug‘at sport mutaxassislari, Jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari, sport jurnalistlari, tilshunos olimlar, doktorant va magistrlar, shuningdek, sport atamalari bilan ishlovchi barcha uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi, – deydi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muxlisa Sobirova. – Lug‘atning bosma nashri bilan bir qatorda uning zamonaviy raqamli shakllari ham yaratildi. Foydalanuvchilar uchun www.sportatamalari.uz veb-sayti va “Sport atamalari” nomli mobil ilova ishlab chiqilib, internet tarmog‘iga joylashtirildi.
Loyihaga filologiya va sport sohasining yetakchi mutaxassislari jalb etilgan bo‘lib, loyiha rahbari Muxlisa Sobirova, tahrir hay’ati Durdona Xudoyberganova, Yulduz Ortiqova, Muyussar Saparniyozova, Durdona Lutfullayeva, Manuchehr Ibragimov, Feruza Manukyan, Nafisa Mo‘minova va Aziza Ahmedovadan iborat.
Lola Toshtemirova, OʻzA