English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilk bor Konstitutsiyaga “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlangan bob kiritildi
17:35 / 2023-12-07

Munosabat

Bugun hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati qonuniyligini ta’minlashda ta’sirchan jamoatchilik nazoratining o‘rni ortib bormoqda.

Jumladan, qaysidir hududda mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy xatti-harakat amalga oshirilsa yoki davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ortiqcha xarajat qilinsa, yo bo‘lmasa, davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarda qonunbuzilish holatlari ro‘y bersa, ushbu holatlarga huquqiy baho berilishidan oldin tezkorlik bilan ijtimoiy tarmoq faollari va jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan barchaning diqqat-e’tibori unga qaratilmoqda. Natijada, mas’ul shaxs, tashkilot va idoralarning ham ushbu muammolar yechimiga bo‘lgan yondashuvi tubdan o‘zgarmoqda.

Shu bois, keyingi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. 

Jumladan, mamlakatimizda yaqin va o‘rta muddatga qaratilgan 2021 – 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablar va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish vazifalari belgilab olingan edi.

Bu yil adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi maqsadlarimizning huquqiy asosi bo‘lgan Konstitutsiyamizga xalqimiz muallifligida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu kiritilgan o‘zgartirishlar qatorida jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslari ham konstitutsion norma sifatida belgilandi.

Xususan, ilk bor Konstitutsiyaga “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlangan bob kiritildi. Ushbu bobdagi 69-moddada fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilandi.

Shuningdek, 72-moddada davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashi, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratishi hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

Albatta, bu o‘zgartirishga qadar ham davlat NNT va fuqarolik jamiyati institularini ham huquqiy, ham iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvatlab kelayotgan edi. Xususan, 2025 yilga borib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini 1,8 baravarga oshirish va ajratiladigan mablag‘ miqdorini 70 milliard so‘mga yetkazish belgilangan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, so‘nggi vaqtlarda davlat byudjeti sarf harajatlari bilan bog‘liq holatlar ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi o‘zining ijobiy natijasini berib, belgilangan mablag‘lar o‘z o‘rnida va maqsadli sarflanishiga erishilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan yana bir o‘zgartirish, 148-moddada fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi qat’iy belgilab qo‘yilganligidir.

Shu bois, endilikda konstitutsion normadan kelib chiqib, fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining byudjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan kafolatlanadi. O‘ylaymizki, ushbu mexanizm bevosita xalqimiz milliy boyligi hamda soliqlari ortidan shakllanadigan davlat byudjeti mablag‘lari ertangi taraqqiyotimiz va aholi turmush farovonligini yuksaltirish uchun sarflanishiga xizmat qiladi.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA