Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan 3028 nafar iste’molchi billing bazaga kiritildi
12:00 / 2025-07-21

2025 yil 1 yanvar holatiga Navoiy viloyatidagi jami 330 ta mahalladan 201 tasito‘liq va 113 tasi qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 16 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagan. Bu haqda “Navoiy suv ta’minoti” AJ tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ayni paytda “Navoiy suv ta’minoti” AJ tuman, shahar bo‘limlarida jami 219 ming 957 ta iste’molchi mavjud bo‘lib, ularning 215 ming 17 tasini aholi, 4 ming 940 tasini yuridik iste’molchilar tashkil qiladi. Shuningdek, o‘tgan 6 oy davomida davlat dasturlari orqali ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan 3028 nafar iste’molchi bilan shartnomalar tuzilib, billing bazaga kiritildi.

[gallery-24395]

– Oxirgi 7 yilda olib borilgan islohotlar natijasida 39 ta mahallaga ilk bor ichimlik suvi yetkazildi. Bundan tashqari, 75 ta mahalladagi mavjud quvvatlar oshirilib, tizimlar qayta rekonstruksiya qilinishi natijasida ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi, – deydi “Navoiy suv ta’minoti” AJ rahbari Otabek Zaripov. – Bugungi kunda markazlashgan ichimlik suvi mavjud bo‘lmagan mahallalarga hududiy bo‘limlarimizga qarashli jami 11 ta maxsus suv tashish texnikalarida tasdiqlangan reja-grafiklarga muvofiq ichimlik suv yetkazib berilmoqda. Viloyatda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi joriy yil 1 yanvar holatiga 85,7 foizni tashkil etmoqda. Hozirda ichimlik suv tarmoqlaridan 1125,9 kilometr qismi 1970-80 yillarda qurilgani bois, shuningdek, mavjud 8 ta oqova suv tozalash inshootlaridan 3 tasi, 380,2 kilometr oqova suv tarmoqlaridan 67,7 kilometr qismi rekonstruksiyaga muhtoj. Yuqoridagi mavjud holatlardan kelib chiqib, aholiga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida, joriy yil boshidan tizimlarni profilaktik ehtiyot ko‘rikdan o‘tkazish, joriy va mukammal ta’mirlash rejalarini inshootlar, mahallalar hamda ko‘chalar kesimida tasdiqlab olganmiz.

O‘tgan yarim yillikda, “Bahor – yoz” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish dasturiga asosan jami 5 ta suv tindirgich, 97 ta rezervuar hamda 38 ta suv minorasida tozalash, yuvish va zararsizlantirish ishlari olib borildi. Shuningdek, 55 tadan ortiq nasos uskunalari va 450 kilometrga yaqin ichimlik va oqova suv tarmoqlari ta’mirlanib, 311,1 kilometr uzunlikdagi oqova suv tarmoqlarida yuvish, tozalash ishlari olib borildi. 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida hududlarda 49 ta nasos uskunalari va 5,3 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv tarmoqlari joriy va mukammal ta’mirdan chiqarildi.

Tizim xodimlari tomonidan muntazam ravishda ichimlik suvidan foydalanish holatlarini nazorat qilish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazilib turiladi. Natijada joriy yilning 6 oyi mobaynida 1029 ta noqonuniy holatlar aniqlanib, 459 million so‘m zarar yetkazilgan. Bugungi kunga qadar esa 218 million so‘m miqdoridagi zarar tegishli organlar ishtirokida undirildi.

Iste’molchilarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida sohada qator o‘zgarishlar, qulaylik hamda raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Buning natijasida ortiqcha sarsongarchiliklarning oldi olinib, iste’molchilarning e’tirozlari sezilarli darajada kamaydi. Hozirda iste’mol qilingan ichimlik va ko‘rsatilgan oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni onlayn ravishda to‘lov kassalariga bormagan holda amalga oshirish, iste’molchi shaxsiy kabineti (cabinet.uzsuv.uz va uzsuvbot telegram boti) orqali iste’mol hajmlarini onlayn taqdim qilish hamda shaxsiy ma’lumotlarini kuzatib borish orqali ochiq-oshkoralik, ya’ni ma’lumotlarning shaffofligi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, iste’molchiga ma’lumotlarni integratsiya qilish orqali qarzdorligi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida elektron ma’lumotnomalar taqdim qilinmoqda. 

Matbuot anjumanida joriy yilning 2-yarim yilligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, 5 kilometr tashqi va ichki oqova suv tarmoqlarini tozalash (yuvish), 8 ta oqova nasos stansiyasi va ulardagi nasos uskunalarida ta’mirlash ishlari olib boriladi. 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida hududlardagi jami 10,4 kilometr tarmoq va 55 ta nasos profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilib, 4 ta energiya sarfi yuqori bo‘lgan suv nasoslari energiya tejamkor nasoslarga almashtiriladi.

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari