Samarqand shahridagi O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika institutining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi.
– Davlatimiz rahbari va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilab berilgan vazifalar asosida qisqa vaqt ichida institutimizda Finlyandiyaning pedagog kadrlar tayyorlashdagi ilg‘or tajribasi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi, – deydi O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova. – Jumladan, o‘zbek tili va adabiyoti, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, fizika va astronomiya, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, kimyo, biologiya, tarix, psixologiya, jismoniy madaniyat kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ochildi. Ayni paytda ilm dargohimizda 9 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bugun ilk bor 526 nafar bakalavr, 9 nafar magistr mutaxassislarimizga diplom topshirib, ularga mustaqil hayotga yo‘llanma beryapmiz. Bu yoshlar birinchi qaldirg‘ochlarimiz sifatida yurtimizda pedagogik ta’limni rivojlantirish, yosh avlodga zamon talablariga mos ta’lim-tarbiya berishga munosib hissa qo‘shishlariga ishonamiz.
Bitiruvchilar san’atshunoslik, jismoniy madaniyat, sport va maktabgacha ta’lim fakultetlarida uch yil davomida pedagogik bilim va mahoratni o‘rganib, endilikda ta’lim muassasalarida faoliyat olib boradi. Ta’kidlanishicha, institut bitiruvchilarining 86 foizi ish bilan ta’minlangan.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari