Yurtimizning Anqaradagi yangi elchisi Ilhom Haydarov “Anadolu” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal sur’atlarda ortib borayotganiga to‘xtalib, diplomatik missiyasi davomida 5 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishini ta’kidladi.
Diplomatimiz muloqot avvalida Istiqlolimizning 34 yilligi arafasida o‘z faoliyatini boshlaganini aytib, Turkiya hukumati O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini eslab o‘tdi.
Haydarov Turkiya bilan aloqalar o‘zi uchun yangilik emasligini urg‘uladi. U avvallari to‘qimachilik sohasida yuqori lavozimlarda ishlagan vaqtida turk mutaxassislar va investorlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
– Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollardan oshdi, lekin bu yetarli emas, -dedi elchimiz. – Ikki davlat rahbarlari qo‘ygan maqsad — 5 milliard dollarga erishish uchun biz barcha resurslardan foydalanamiz.
Shuningdek, u 2023 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyaning 7 foizi turkiyalik hamkorlar hissasiga to‘g‘ri kelganini ta’kidladi. Ayni paytda diyorimizda turk kompaniyalari soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Yil boshidan buyon ularning soni 1800 dan 2006 taga ko‘paydi.
Elchimiz turizm haqida gapirar ekan, 2018 yildan buyon O‘zbekiston fuqarolari uchun vizalar bekor qilingani ijobiy samara berayotganini bildirdi. Bugungi kunda ikki davlat shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 dan ortiq reyslar amalga oshirilmoqda. 2023 yilda Turkiyadan o‘lkamizga 106 ming sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 150 mingdan oshdi.
– Yil oxirigacha biz bu ko‘rsatkichni 200 mingga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz, - deya qo‘shimcha qildi diplomat.
Muharrama Pirmatova, O‘zA