Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilg‘or terimchilar o‘zaro bellashishdi
12:10 / 2025-10-15

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “Yuksalish” sanoat-innovatsiya hududida joylashgan “Ahror” fermer xo‘jaligining paxta dalasida 15 oktyabr — "Xalqaro qishloq ayollari kuni" munosabati bilan viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan ilg‘or terimchilar o‘rtasida bellashuv o‘tkazildi.

Bellashuvda 240 nafar terimchi ishtirok etib, bir kunda 15 tonnadan ortiq “oq oltin” yig‘ib olindi. Bu ko‘rsatkich qishloq ayollarining mehnatga muhabbati, fidokorligi va yurt ravnaqiga qo‘shayotgan hissasining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Bellashuv natijalariga ko‘ra, Mirzaobod tumani vakili Shahnoza Turdiyeva 165 kilogramm paxta terib, “Eng ilg‘or terimchi ayol” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Sardobalik Surayyo Mamatqulova 159 kilogramm natija bilan ikkinchi o‘rinni, Sayxunobodlik Nafisa Shoyjigitova esa 136 kilogramm paxta terib, uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, ilg‘or terimchi ayollar qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlanishdi.

Shirin shahridan Iroda Islomova — “Eng toza paxta terimchisi”, Gulistonlik Mariyam Shodmonqulova — “Eng fidoiy terimchi”, Oqoltinlik Manzura Qurbonova esa — “Eng tashabbuskor terimchi” sifatida e’tirof etildi.

Bellashuv yakunida g‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi. Maxsus bayramona dasturxon yozilib, diltortar qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA