Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilg‘or tajriba — yuqori hosildorlik garovi
17:34 / 2026-02-23

Sirdaryo viloyati paxtachilik sohasida ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni joriy etishda sezilarli qadamlar qo‘ymoqda. Xususan, Xitoyning Shinjon hududida keng qo‘llanilayotgan zamonaviy paxta yetishtirish usuli — “Shinjon usuli” mahalliy sharoitda ham samarali qo‘llanib, hosildorlikni sezilarli darajada oshirish imkonini bermoqda. Mavjud tajribalarga ko‘ra, ushbu texnologiya paxta hosildorligini gektariga 45–50 sentnergacha yetkazishi mumkin.

Oqoltin tumanida o‘tkazilgan amaliy seminarda mahalliy mutaxassislar va olimlar tomonidan  “Shinjon usuli” ni qo‘llashning texnik va iqtisodiy jihatlari hamda samaradorlik ko‘rsatkichlari atroflicha muhokama qilindi. Seminarda fermerlar, agroklaster rahbarlari va paxta yetishtiruvchilarga  texnologiyaning ilmiy va amaliy jihatlari haqida  ma’lumotlar taqdim etildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Shinjon usuli” paxta yetishtirishda nafaqat zamonaviy texnologiyalarni, balki samarali va iqtisodiy jihatdan tejamkorlikni ham ta’minlaydi. Tomchilatib sug‘orish tizimi suv sarfini sezilarli darajada kamaytirib, maydonlarga barqaror va optimal namlik sharoitini yaratadi. Shu bilan birga avtomatlashtirilgan sug‘orish va ilg‘or agrotexnika usullari ishchi kuchi va mineral o‘g‘itlardan tejamkorlik bilan foydalanish imkonini beradi.

Urug‘ va tuproq xususiyatlari asosida aniq miqdorda qo‘llaniladigan mineral o‘g‘itlar atrof-muhitga zarar yetkazmaydi va hosildorlikni yanada oshiradi. Ilmiy va amaliy tajribalar ko‘rsatadiki, “Shinjon usuli”da paxta maydonlari an’anaviy usullarga nisbatan 25–35 foizga yuqori hosil beradi. Shu tariqa, texnologiya nafaqat mahsuldorlikni, balki resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ham kafolatlaydi.

Seminarda Sirdaryoda yetishtirilayotgan “Shinjon usuli”dagi paxta navlarining xususiyatlari ham muhokama qilindi. Bu navlar qurg‘oqchilik va kasalliklarga chidamli bo‘lib, yuqori sifatli paxta tolasi hosil qiladi. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilarning daromadi oshadi va eksportbop mahsulotlarning raqobatbardoshligi ta’minlanadi.

– Texnologiyaning asosiy jihati shundaki, gektariga 220–240 ming tup ko‘chat qo‘sha qator (66×10 sm) usulida, plyonka ostida ekiladi va  tomchilatib sug‘oriladi, – deydi Oqoltin tuman qishloq  xo‘jaligi bo‘limi boshligi o‘rinbosari Odil Xakimov. – Har bir tup o‘rtacha 8 ko‘sak bersa, umumiy hosil an’anaviy 90 va 60 sm sxemadagi ekish usullariga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, Bt va Gt genli navlar ko‘sak qurti va gerbitsidlarga chidamli bo‘lib, qalin ekish va chopiqsiz hosilni saqlab qolish imkonini beradi. Mahalliy navlarda esa chopiq va purkash xarajatlari tannarxni oshiradi.  Shu bois Bt va Gt genlari bilan boyitilgan mahalliy navlar yaratish strategik ahamiyatga ega. Hozirda yurtimizda 56 ta o‘zbek navi shu genlar bilan boyitilgan bo‘lib, 2027-yilgacha 100 ming gektar maydonda o‘z navlarimiz ekiladi.

Seminar ishtirokchilari zamonaviy texnologiyalarni o‘z maydonlarida sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar. Ularga mutaxassislar tomonidan “Shinjon usuli” da paxta ekish va uning agrotexnikasi bo‘yicha zarur maslahat va tavsiyalar berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri