French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilg‘or sabzavotchilik tajribalari o‘rganildi
15:03 / 2025-05-23

Toshkent davlat agrar universitetining o‘quv-ilmiy tajriba xo‘jaligida “Sabzavotlarni yetishtirishdagi ilg‘or tajribalar” mavzusida yirik ilmiy-amaliy dala seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Qishloq xo‘jaligi vazirligi, mazkur oliygoh hamda Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda  Koreya, Xitoy, Germaniya, Turkiya va Niderlandiya kabi xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan  yetakchi ekspertlar,  shuningdek Qibray tuman hokimligi va tumanning mahallalariga biriktirilgan barcha hokim yordamchilari, mahalla yoshlar yetakchilari, universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, talabalar qatnashdi.

Ilmiy-amaliy seminarni TDAU rektori  N.Oblomurodov kirish so‘zi bilan ochib, sabzavot ekinlarni yetishtirishdagi ilg‘or ilmiy tajribalar haqida axborot berdi. Tadbirda eng Ilg‘or tajribalar, ilm-fan yutuqlari, amaliy natijalar namoyish etildi. Jarayon davomida ishtirokchilar karam, gulkaram, brokkoli, salat bargi, Pekin karami, sabzi va piyozning yangi navlari ustida olib borilayotgan tajribalar bilan tanishdi. 

Mutaxassislar hududlarda fermer va dehqonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, amaliy yutuqlarni ommalashtirish borasida fikr bildirdi. 

Shuningdek, turli ilmiy yondashuvlar va ularning amaliy natijalari tahlil qilindi, hosildorlikni oshirish usullari, sabzavotchilikda barqarorlikni ta’minlovchi innovatsion texnologiyalar ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda universitet olimlari tomonidan  karam navlari bo‘yicha  8 ta patent olingan bo‘lib, bu ilmiy salohiyatni oshirishga xizmat qilmoqda. Talabalar uchun bu kabi amaliy tajribalar bilimlarini oshirishga yordam bermoqda.

Tadbirda  bir guruh professor-o‘qituvchilar mehnati e’tirof etilib,   tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Universitet tajriba xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, ishtirokchilarga tabiiy va sifatli meva-sabzavotlarni xarid qilish imkoniyati yaratildi.

Ilmiy-amaliy seminarning badiiy qismida talaba-yoshlar ijrosidagi jonli kuy-qo‘shiqlar, raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

A.Musayev, O‘zA.