MISiS Fan va texnologiyalar universiteti hamda "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ hamkorligida joriy yilning aprel oyida Olmaliq shahrida “GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etilgan edi.
MTTU MISiS Olmaliq filialida mazkur ilg‘or muhandislik maktabiga talabalarni qabul qilish uchun kirish imtihoni o‘tkazildi. O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan ilg‘or muhandislik maktabining sinov jarayonida 44 nafar talabgor ishtirok etdi. Ikki soat davom etgan imtihonda nomzodlar boyitish fani bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Imtihon natijasiga qarab, ishtirokchilar orasidan eng ko‘p ball to‘plagan 12 nafari maktabga o‘qishga qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun: “GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etishdan asosiy maqsad O‘zbekiston sanoat tarmoqlari uchun zamonaviy texnologiyalarni qo‘llay oladigan, kreativ yondashuvga ega va ishlab chiqarishda strategik vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis mutaxassislar tayyorlashdir. Ilg‘or muhandislik maktabida kelgusida “Kon ishi va boyitish”, “Nodir, noyob, kamyob yer va og‘ir metallar metallurgiyasi”, “Raqamli materialshunoslik va yangi texnologiyalar”, “Texnologik jarayonlarning raqamli transformatsiyasi” kabi yo‘nalishlarda tahsil olinadi.
E’tiborlisi, joriy yilda MTTU MISiS Olmaliq filialini tamomlagan Fotima va Zuhra Tursunovalar Ilg‘or muhandislik maktabining ilk talabalari bo‘ldi. Ular ko‘plab tanlov g‘oliblari bo‘lgani uchun maktabga imtihonsiz qabul qilindi.
– Opam Fotima bilan Akademik A.A.Bochvar nomidagi xalqaro tanlovda ishtirok etib, yuqori 97 va 98 ballni qo‘lga kiritdik, – deydi Zuhra Tursunova. – Shuningdek, CASE-IN xalqaro muhandislik chempionatida ham oliygohimiz jamoasi safida ishtirok etib, sovrindor bo‘ldik. Ushbu erishgan yutuqlarimiz bizga yangi tashkil etilgan Ilg‘or muhandislik maktabiga imtihonsiz kirish imkoniyatini berdi. Bundan albatta, opam bilan juda ham xursand bo‘ldik. Endilikda biz maktabda Moskvadan keladigan tajribali o‘qituvchi professorlardan tahsil olamiz. Mamlakatimiz Prezidentidan yoshlarga o‘z salohiyatini, bilim va iqtidorini yuzga chiqarishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdormiz. Tahsil davomida olgan bilimlarimizni albatta mamlakatimiz va kombinat taraqqiyotida qo‘llaymiz.
Muhandislik maktabida 2025/2026 o‘quv yilida magistratura talabalari "Foydali qazilmalarni boyitish" yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olishadi.E’tiborlisi, maktabga qabul qilingan talabalar kombinat tarkibiy bo‘linmalariga ham ishga olinadi. Maktabga qabul qilingan 12 nafar talabaning o‘qish xarajatlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan qoplanadi.
OKMK Axborot xizmati