Namanganda bo‘lib o‘tgan “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostidagi o‘qituvchilar qurultoyida o‘tgan o‘quv yilida olib borilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlar alohida e’tirof etildi.
Ta’lim islohotlarini birgalikda amalga oshirish, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish hamda mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga qaratilgan anjumanda faxriy ustozlar, ilg‘or o‘qituvchilar qatnashdi.
Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev Prezident tashabbusi bilan yurtimizda muallimning maqomini oshirish, maktablarda zamonaviy sharoitlarni yaratish va ta’lim sifatini yaxshilashga tizimli ravishda e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
[gallery-15226]
Ta’lim-tarbiya tizimiga munosib hissa qo‘shgan fidoyi ustoz-murabbiylardan olti nafariga “Xalq ta’limi a’lochisi”, bir nafariga “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.
Shuningdek, baholashning yangi tizimida o‘quvchilari yuqori natija ko‘rsatgan Davlatobod tumanidagi 58-sonli, Chust tumanidagi 52-sonli umumta’lim maktablari direktorlari vazir tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Loyiha doirasida turli mavzularda trening mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari