French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilg‘or klinik tajriba — ona va bola salomatligi uchun muhim qadam
21:13 / 2026-02-07

Sirdaryo viloyatida tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, ayniqsa ona va bola salomatligini ta’minlash sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgan ishlar izchil yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu borada Turkiyaning eng yirik xususiy shifoxona tarmoqlaridan biri — yiliga 6 milliondan ortiq mahalliy va xalqaro bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi Medical Park Hospitals Group bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.

Avvalroq Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filiali hamda Medical Park klinikasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu kelishuv doirasida filialning bir guruh reanimatolog va akusher-ginekolog shifokorlari Turkiyaning Antaliya shahrida amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda zamonaviy tibbiy usullar bilan tanishish, malaka oshirish imkoniga ega bo‘lishdi.

Medical Park tarmog‘i Turkiya bo‘ylab 28 ta zamonaviy klinikani qamrab oladi. Ularda magnit-rezonans tomografiya (MRI), kompyuter tomografiyasi (KT), 4D ultratovush tekshiruvi, angiografiya kabi ilg‘or diagnostika texnologiyalari keng qo‘llaniladi. Jarrohlik, reanimatsiya, shuningdek, homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan neonatal yordam bo‘limlari xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan. Klinikalarda ginekologiya, akusherlik, reanimatsiya, kardiologiya, onkologiya, ortopediya kabi 130 dan ortiq yo‘nalishda kompleks tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

Mazkur imkoniyatlar Sirdaryo viloyatidan tajriba almashish maqsadida yo‘llangan shifokorlar uchun katta amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Ular og‘ir akusherlik holatlarini boshqarish, reanimatsiya va neonatal yordam ko‘rsatish, shuningdek, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ilg‘or klinik yondashuvlar bilan yaqindan tanishmoqda.

– Medical Park klinikasi bilan hamkorlik nafaqat malaka oshirish, balki Sirdaryo tibbiyotining tizimli rivojlanishiga mustahkam zamin yaratadi. Shifokorlarimiz ilg‘or diagnostika va davolash usullari, murakkab klinik holatlarni boshqarish bo‘yicha zamonaviy tajribalarni bevosita amaliyotda o‘zlashtirmoqda. Eng muhimi, bu bilim va ko‘nikmalar Sirdaryo tibbiyoti amaliyotiga tatbiq etiladi. Hamkorlik kelgusida yanada kengaytiriladi. Rejalarimizda qo‘shma o‘quv dasturlari, mutaxassislarning o‘zaro stajirovkalari, murakkab klinik holatlar bo‘yicha maslahatlashuvlar mavjud. Bu esa tibbiy xizmatlar sifatini barqaror yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi filial direktori, akusher-ginekolog Shahlo Xojayeva.

G‘ulom Primov, O‘zA