French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilg‘or fermerlar marrani zabt etdi
18:28 / 2022-09-24

Andijon viloyati Baliqchi tumani paxtakorlari joriy yilda qariyb 10 ming gektar maydonga paxtaning “An-35, “An-36”, “Sharq” navlarini ekib parvarishladi. Belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani natijasida paxtadan mo‘l hosil yetishtirildi.

Ayni kunda tumanda 37 ming tonnadan ziyod oq oltin xirmonini yaratish uchun yig‘im-terim ishlari avjida. Yig‘im-terimni uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 89 ta terim otryadi tashkil etilgan. Bundan tashqari, 17 ta paxta terish mashinasi ishga solingan. Har kuni o‘rtacha 2 ming tonnaga yaqin paxta terib olinmoqda.  



– Yig‘im-terim ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda, – deydi Baliqchi tumani hokimi Jasurbek Abduraimov. – Terimchilar uchun zarur sharoitlar yaratib berilgan, ilg‘orlar muntazam rag‘batlantirilmoqda. 

Fermer xo‘jaliklari tomonidan terimchilarga tushlikka bepul issiq ovqat, terilgan har bir kilogramm paxta uchun 1ming 500 so‘mdan pul berilmoqda. Terim pullari ikki uch kunda bir dala boshida tarqatilmoqda.  

Tumandagi qator fermer xo‘jaliklari terimda faollik ko‘rsatmoqda. Har gektar yerdan 50 sentnerdan hosil ko‘targan G‘alaba massividagi "Baliqchi elita urug‘chiligi", Navoiy massividagi "Shonli Polvonko‘l" kabi ilg‘or fermer xo‘jaliklari besh ish kunda paxta topshirish bo‘yicha shartnoma rejasini bajardi.  

Yig‘im-terim qizg‘in pallaga kirgan bugungi kunda baliqchilik paxtakorlar kuz faslining har bir quyoshli kunini g‘animat bilib, yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish uchun astoydil mehnat qilmoqda. 


F. UBAYDULLAEV, 
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA