Milliy matbuot markazida yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘tarilgan asosiy masalalar hamda belgilab berilgan vazifalar ijrosi va tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida sohani raqamlashtirish uchun zarur bo‘lgan yirik doimiy xotiraga ega (1 100 terabayt) “Ma’lumotlar markazi” ishga tushirilgani qayd etildi.
O‘zaro integratsiya qilinmagan “Davreyestr”, “Ko‘chmas mulk”, “Ko‘chmas mulk-3” axborot tizimlari o‘rniga Jahon banki bilan hamkorlikda “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” yaratildi. 2021 yil 1 maydan boshlab yangi integratsiyalashgan axborot tizimi orqali O‘zbekiston tarixida ilk bor qishloq xo‘jaligi yerlarini elektron shaklda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshlandi.
Shu jumladan, 24,1 million gektar qishloq xo‘jaligi yeridan 23,1 million gektarining (96%) elektron xaritaci yaratildi. Qolaversa, 21,8 million gektar (95%) 127 mingta yerdan foydalanuvchi kesimida kadastr yig‘ma jildlari shakllantirilgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ilgari hisobga olinmagan 412 mingta yangi ko‘chmas mulk ob’ekti kadastr bazasiga kiritildi va mahalliy byudjetga qo‘shimcha 442,3 mlrd so‘m soliq olindi. Shuni ham aytish joiz, 477,7 mingta ko‘chmas mulk ob’ektlarida qo‘shimcha qurilmalar aniqlandi.
Matbuot anjumanida yer hisobini yuritish bo‘yicha 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng dolzarb vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan boshqa toifadagi yerlarni (suv, tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish, sanoat, transport, aloqa, mudofaa, zaxira) elektron xaritasini yaratib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini amalga oshirish, Milliy ortofotoplanlarimizni yaratish va topologik xatoliklarning oldini olish, “ko‘chmas mulk”, “Ko‘chmas mulk-3” (1-C) axborot tizimlaridagi mavjud 8 millionga yaqin ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangi “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” (UzKad)ga migratsiya qilish shular jumlasidan.
Shuningdek, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda Yagona koordinatalar tizimida ishlash mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
GNSS stansiyalarini hududlarga bosqichma-bosqich o‘rnatish, tizim tashkilotlar va xodimlarni Yer tuzish ishlarini bajarish uchun zamonaviy yangi tizimlarda ishlaydigan asbob-uskunalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA