Ilg‘or tajribalar ommalashmoqda
Andijon industrial-pedagogika kollejida “Yangi o‘quv yili – yangi marralar sari” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon industrial-pedagogika kollejida “Yangi o‘quv yili – yangi marralar sari” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.Davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-martdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash va yangi o‘quv yiliga puxta hozirlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalari direktorlari, ularning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi va kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilib, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya, kasb-hunar o‘rgatish jarayonlarini zamon talablari asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– 2017-2018 o‘quv yilida ta’lim muassasalarida 103 ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi, – deydi viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqat Buzrukov. – Viloyatdagi 129 akademik litsey va kasb-hunar kollejida yangi o‘quv yiliga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Bu kabi tadbirlar ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, xodimlarning bilim va malakasini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar dastlab kollej radiosi faoliyati bilan tanishdi, so‘ng joriy yilda mazkur ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilarning qasamyod qabul qilish marosimida qatnashdi. “Tomorqa dasturi” bo‘yicha yil davomida olib borilgan ishlar aks ettirilgan videoroliklar, maxsus va umumta’lim fanlari o‘qituvchilarining “Mustaqillik”, “Xotira” darslari hamda ularning yangi o‘quv yiliga tayyorlagan ish hujjatlari ko‘rib chiqildi. Mavzuga oid ma’ruzalar tinglandi, fikr almashildi.