Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilg‘or g‘oya va ishlanmalar – taraqqiyot omili
17:48 / 2016-03-23

Andijonda IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Andijonda IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, viloyat hokimligi, viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada ilmiy-tadqiqot institutlari hamda tajriba-konstruktorlik muassasalarining 250 dan ortiq innovatsion texnologiya, ishlanma va g‘oyalari namoyish etildi.
 
Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqarishning texnologik darajasi va raqobatbardoshligini oshirish, ishlab chiqarishga ilg‘or innovatsion loyiha va ishlanmalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida o‘tkazilgan yarmarkada qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, ekinlarning serhosil va ertapishar yangi navlari, o‘simlik va ekinlarni zararkunandalardan himoya qilish vositalari, chorvachilik va bog‘dorchilikda hosildorlikni, ish unumi va samaradorligini ta’minlovchi, shuningdek, mashinasozlik, energiyani iqtisod qiluvchi g‘oya, ishlanma va texnologiyalar salmoqli o‘rin egalladi.

– 2008-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy yarmarka innovatsion g‘oyalar va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, ishlab chiqaruvchilar hamda ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Andijon davlat universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Baxtiyorjon Rasulov. – Bu barcha sohalarda ishlab chiqarishga ilmiy yondashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali yuqori natijalarga erishish imkonini bermoqda.

Yarmarkada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan taqdim etilgan mikroo‘stirgich biopreparati qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik sohasi mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

– Ushbu biologik preparat garmon va ferment sintezlovchi hamda azotfiksator mikroorganizmlar majuasi asosida yaratilgan bo‘lib, o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini tezlashtiradi, turli kasalliklarga chalinish ehtimolini kamaytiradi, hosildorlikni 15-30 foizga oshiradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti direktori Xurshida Hamidova. – Preparat Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida sinovdan o‘tkazilgan va yaxshi samara bergan.

Andijon qishloq xo‘jaligi instituti olimlari tomonidan namoyish etilgan qor va yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanish akkumulatsiya qurilmasi ko‘rgazma ishtirokchilarining e’tiborini tortdi. Qurilma tog‘ va tog‘ oldi hududlarida foydalanilmay turgan suvsiz yerlarni o‘zlashtirish, mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishda qator qulaylik va afzalliklarga ega.

– Qurilma qulayligi, samaradorligi va iqtisodiy tejamkorligi bilan ahamiyatlidir, – deydi loyiha muallifi, Andijon qishloq xo‘jaligi instituti dotsenti Zokirjon Turg‘unov. – Ayniqsa, adirliklarda tomchilab sug‘orish orqali intensiv bog‘ barpo etishda yuqori samara beradi.

Yarmarka doirasida “Andijon viloyatining innovatsion salohiyatini oshirish va viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari va hududiy korxonalarning yangi innovatsion texnologiyalar va ishlanmalarga bo‘lgan ehtiyojlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Yarmarkada sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan yangi texnologiya, loyiha va ishlanmalarni xarid qilish, sotish yuzasidan bir qator shartnomalar imzolandi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.