Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixiga eng mudhish voqea sifatida muhrlandi. Keksayu yoshni ayamagan urush dahshati oradan mana qariyib yetmish sakkiz yil o‘tibdiki, odamzotning yodidan ko‘tarilmaydi. Yana shuncha yillar o‘tsa ham uning inson hayotida qoldirgan og‘riqli joylari uni unutishga yo‘l qo‘ymasligi bor gap.
bugungi kunda Namangan viloyatida yetti nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga hissa qo‘shgan, bugungi dorulomon kunlarga katta tamal toshini qo‘ygan bu keksa hamyurtlarimiz hamisha e’zozlanib, alohida ehtirom ko‘rsatiladi.

Ana shunday insonlardan biri To‘raqo‘rg‘on tumani Qurama mahallasida istiqomat qiluvchi salkam 100 yoshli Ikrom ota Umrzoqovdir. 1942 yili 18 yoshida urushga otlangan mard o‘g‘lon Stalingrad, Odessa shaharlarini ozod qilishda katta jasorat ko‘rsatgan. Ikrom ota tinchlik zamonida ham jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shib, turli sohalarda salmoqli mehnat qildi.
– Tinchlik, osoyishtalik, xotirjamlik shunday so‘zki, buning qadrini, qimmatini biz juda yaxshi anglaymiz. Biz mash’um urushni ko‘rdik, ilohim farzandlarimiz, yoshlarimiz, kelajak avlod aslo ko‘rmasin. bugungi tinch va farovon hayotimizga ko‘z tegmasin, – deya duoga qo‘l ochadi Ikrom ota Umrzoqov.

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi purvuqor tog‘u adirliklarga yastangan Poromon qishlog‘ida yashovchi Muhammadibrohim Inomov 1941-1945 yillarda fashistlarga qarshi kechgan qonli urushning dahshati-yu jabru sitamlarini o‘z boshidan o‘tkazgan. Bugun 101 yoshni ortda qoldirgan otaxon farzandlari, nabiralari, evarayu chevaralari bag‘rida hayot gashtini surmoqda.
– Xalqimiz farovonligi, vatanimiz ravnaqini o‘ylab, mehnat qilayotgan Prezidentimizning tashqi siyosatdagi faoliyati ham tahsinga sazovor. Yaqindagina Germaniyaga borib, shartnomalar tuzib qaytganini televizor orqali ko‘rib xursand bo‘ldik, – deydi yurtimiz islohotlariga befarq bo‘lmagan Muhammadibrohim Inomov.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat sektor rahbarlari, mudofaa ishlari boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimlari, Milliy gvardiya vakillari, yoshlar tashkiloti faollari hamkorligida urush qatnashchilarining xonadonlariga yo‘qlagani borgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ikki asrni ko‘rgan tabarruk nuroniylarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigini o‘qib eshittirib, 18 million so‘m pul mukofoti hamda sovg‘alarni topshirdi. Shuningdek, urush qatnashchilarining har biriga Namangan viloyati hokimligi, viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashinining bayram tuhfalari ulashildi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA